Bojxona organlari xodimlarini xizmat uylari bilan ta’minlash masalasi muhokama qilinmoqda

18:41 02 Avgust 2018 Jamiyat
148 0

Bugungi kunda mamlakatimiz bojxona organlarida qariyb 6 ming nafar xodim mehnat qiladi. Ulardan 3000 ming nafari aynan chegara joylarida joylashgan postlarda faoliyat olib boradi. Tabiiyki, chegara hududda mehnat qilish va yashash sharoitlarini yaratish alohida e’tiborni talab etadi. Ayniqsa, xodimlarni uy-joy bilan ta’minlash masalasida. Shuni nazarda tutgan holda, chegara postlarida mehnat qilayotgan bojxona organlari xodimlarini xizmat uy-joylari bilan ta’minlash yoki ularga ijarada turish uchun eng kam ish haqining 3 barobari miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratish taklifi o‘rtaga tashlanyapti.

Ayni paytda ikkinchi o‘qishda muhokama qilinayotgan “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririda shu va shunga o‘xshagan sohaga oid muammolarning amaliy yechimi ko‘rib chiqilyapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda shu kabi yangiliklar xususida so‘z bordi.

Amaldagi O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi Qonuni esa 1997 yilda qabul qilingan. Uning ko‘pgina normalari bugungi kun talablariga javob bermaydi. “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bugungi kunda loyiha Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan ikkinchi o‘qishga tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Tadbirda yangi tahrirdagi mazkur Qonun loyihasining maqsadi,

mazmun-mohiyati, amaldagi tahrir bilan o‘zaro farqi, uni yanada maromiga yetkazish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar keng muhokama qilindi.

— 1997 yilda qabul qilingan qonun 14 moddadan iborat edi, yangi tahrirda taklif etilayotgan qonun 6 bob va 36 moddadan iborat bo‘lyapti, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umidjon Sulaymonov. — Avvalgi qonunda belgilangan faoliyatga doir normalar ma’nan eskirdi, bugungi kun shiddatiga hamohang emas. Bundan tashqari, faoliyatni tartibga soluvchi qonunosti hujjatlari, buyruq va yo‘riqnomalar juda ham ko‘p ishlab chiqilgan. Yangi tahrirda esa bu normalar to‘laqonli tarzda keltirilmoqda. Qonun loyihasini tayyorlash maqsadida Farg‘ona viloyatining chegara postlarida bo‘lib, xodimlarning o‘zi bilan suhbatlar o‘tkazdik. Ularning mehnat va yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdik. Shularni inobatga olgan holda loyiha bir necha amaliy normalar bilan boyitildi.

Shuningdek, loyihada tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish, xususiy mulkdorlar huquqlarini buzganlik uchun bojxona organlari xodimlarining javobgarligini oshirish, shuningdek, xizmatni o‘tash tartibi va shartlarini batafsil belgilash taklif etilmoqda.

— Respublika tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida rasmiylashtirilgan yuk deklaratsiyalari soni birgina 2018 yilning birinchi choragida 300 mingga yaqinni tashkil etdi, aniqlangan qonunbuzarlik holatlari yuzasidan qo‘shimcha hisoblangan bojxona to‘lovlari 120 milliard so‘mdan oshgan, — deydi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Anvar Asamov. — Yangi tahrirdagi qonunda bojxona organlari xodimlarining mehnatlarini qo‘shimcha ravishda rag‘batlantirish maqsadida shu kabi namuna ko‘rsatgan xodimlarga eng kam ish haqining 3 barobaridan 10 barobari miqdorida mukofot mablag‘larini ajratish nazarda tutilyapti. Bu sohada korrupsiyaning oldini olishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyatga ega.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?