Boyovutliklar Qoʻqon aravaning gʻildiragini nimadan yasashgan?

17:24 13 Dekabr 2018 Jamiyat
644 0

Arxiv foto

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Oqshom mahali mahallamizdagi maktab sport zalida oʻtkaziladigan karate mashgʻulotlariga qatnashayotgan nabiralarimni olib kelishga chiqqanimda mazkur taʼlim dargohi qorovuli Musurmonqul Egamqulov bilan hovlidagi bir tup akatsiya haqida suhbatlashish asnosida u “Oʻttizinchi-qirqinchi yillarda bu daraxtdan nima yasalganini bilasizmi?”deb qoldi va quyidagi hikoyasini aytib berdi.

“Sirdaryo sohilidagi Boyovut qishlogʻida tugʻilib oʻsganman. Boyovut Guliston tumani hududida joylashgan, tarixi uzoq qishloq. Yonimizdagi tumanning nomi ham shundan olingan. Boyovutliklar hali traktor va boshqa transport vositalari boʻlmagan yillarda paxta hosilini qabul punktlariga qoʻqonaravalarda tashishgan. Otam Jabbor Egamqulovdan eshitganlarimga koʻra, ularning gʻildiraklari mana shu akatsiyadan yasalgan. Chunki bu daraxtning yogʻochi juda qattiq va mustahkam. Uni “Temir daraxt” deyishlari ham shundan ekan. Lekin podshipniksiz boʻlgani bois temir oʻq manzilga borguncha haddan ziyod qizib, gʻildirak teshigini kuydirish darajasiga yetar ekan. Bu muammoni yechimi sifatida esa har ikki tomonda ham maxsus hovuzlar qazilgan ekan. Yaʼni arava manzilga yetgach, gʻildiraklar yechilib suvga tashlab qoʻyilarkanda, soʻngra hovuzdagi sovutilganiga almashtirilar ekan. Shu bois xoʻjalikda aravadan koʻra gʻildiraklar soni koʻp edi derdi otam...”.

Foto: “Xalq soʻzi Online”

Binobarin, doʻkkakdoshlar oilasining yirik turi hisoblanmish, Avstraliya, Afrika, Meksika va Osiyoda keng tarqalgan akatsiyaning xususiyatlari koʻp. Xususan, u guli nektarga boyligi bois asalarichilikda ham muhim ahamiyatga ega daraxt hisoblanadi. Shu bilan birga shamolli hududlarda mustahkam ixotazorlar hosil qilishda qoʻl keladi. Buni Mirzachoʻl oʻzlashtirishi yillarida Bekobod shamoli yoʻnalishidagi ekin maydonlarida barpo qilingan ixota oʻrmonlaridagi daraxtlarning aksariyati akatsiyalardan iborat boʻlganligi ham isbotlaydi. Internetda keltirilishicha uning nafaqat biz bilgan oq, balki sariq va boshqa ranglarda gullaydigan turlari ham koʻp ekan. Afsuski, keyingi yillarda foydasi koʻp ushbu daraxtni oʻstirishga boʻlgan eʼtibor susaygandek.

Biologiya fanlari nomzodi, Guliston davlat universiteti dotsenti Shahobiddin Turdimetovning aytishicha, yurtimizda asalarichilikka eʼtibor yuksalib, soha yil sayin rivoj topayotgan bir pallada akatsiyadan ixota sifatida foydalanilsa, bir yoʻla ikki vazifa bajarilar ekan. Yaʼni kuchli shamollarda ham sinish tugul egilmaydigan akatsiyalar tufayli yerning erroziyaga duchor boʻlmasligi kafolatlangani holda, asalarilar uchun moʻl-kul nektar manbai ham yaratish mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?