Boyovutdagi bogʻchada 25 kishi ovqatdan zaharlandi. Sogʻliqni saqlash vazirligi holatni nazoratga oldi

12:25 19 Iyun 2019 Jamiyat
612 0

Joriy yilning 18-19-iyun kunlari Sirdaryo viloyati Boyovut tumani 21-sonli maktabgacha taʼlim muassasasining 23 nafar tarbiyalanuvchisi, 1 nafar tarbiyachisi hamda 1 nafar hamshirasi tana haroratining koʻtarilishi, koʻngil aynishi, qayd qilish, ich ketishi, qorin sohasida ogʻriq kabi kasallik belgilari bilan Boyovut tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar boʻlimiga “oʻtkir ichak kasalligi, ovqat toksikoinfeksiyasi” tashxisiga gumon qilinib yotqizilgan. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Dastlabki epidemiologik surishtiruvlar jarayonida mazkur muassasa ichimlik suvi bilan taʼminlanmagani, 17-iyun kuni toza ichimlik suvi tashib keltirilmaganligi natijasida bogʻchaning sanitariya-gigiyena qoidalari holati qoniqarsizligi, shuningdek, bolalar qaynatilmagan suv ichganligi hamda bogʻcha hududidagi mavjud oʻrikzordan oʻrik mevasini yaxshi yuvmasdan yeganligi oqibatida kasallik kelib chiqqanligi taxmin qilinmoqda. Oʻrganish va laboratoriya  tekshirish ishlari davom etmoqda.

Bemorlarning ahvoli oʻrta va yengil ogʻirlikda, shifoxonada dori- darmonlar yetarli miqdorda, ularga kerakli barcha tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligining Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti, Virusologiya ilmiy tekshirish instituti hamda Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining bir guruh tajribali mutaxassislari mazkur holatni joyiga chiqib oʻrganish, amalga oshirilayotgan davolash, profilaktika va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish, mahalliy shifokorlarga amaliy yordam koʻrsatish uchun safarbar etildi.

Vaziyat Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?