Boyovutda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda 100 dan ortiq korxona tashkil etiladi

11:43 01 Iyun 2018 Iqtisodiyot
597 0

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida Janubiy Koreyaning “NCG Engjneering” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritish orqali keng assortimentdagi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi sanoat zonasi tashkil etiladigan bo‘ldi.

Bu haqda kompaniya prezidenti Jang Il Kveon Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev bilan uchrashuvda ma’lum qildi. Muloqot yakunida tomonlar mazkur loyihani amalga oshirish borasida kelishuvga erishgan.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, mazkur kompaniya 2013 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning O‘zbekistondagi shtab-kvartirasi Toshkent shahrida joylashgan.

“NCG Engineering” ayni chog‘da, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida sement zavodi hamda Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida chiqindini qayta ishlash korxonasini bunyod etmoqda.

Sirdaryo viloyatidagi muxbirimiz A. Shernazarovning ma’lum qilishicha, Boyovutda bajariladigan loyiha bo‘yicha 200 gektar maydon ajratiladi. Mazkur hududda 100 dan ziyod ishlab chiqarish korxonalari faoliyat boshlaydi. Loyihani amalga oshirish uchun 300 million AQSH dollari miqdoridagi sarmoya yo‘naltiriladi.

“Yurtingizda chet el sarmoyasi uchun har jihatdan qulay investitsion muhit yaratilmoqda. Yana bir muhim jihati, O‘zbekiston Yevroosiyoning qoq markazida joylashgan. Bu geografik qulaylik tufayli dunyoning turli mintaqalari bozorlariga chiqish imkoniyati katta va bu eksportni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega. Aytish lozimki, Sirdaryo viloyatida barpo qiladigan korxonalarimizning poyabzal, avtomobil ehtiyot qismlari, gazmol kabi barcha mahsulotlari import o‘rnini bosishi bilan birga asosan eksportbop bo‘ladi. Loyihamiz to‘liq bajarilgach, sanoat hududida 10 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi” – deydi “NCG Engineering” prezidenti Jang Il Kveon.

“NCG Engineering” kompaniyasi prezidenti va vakillari bilan bo‘lgan amaliy muloqotda “Sirdaryo viloyatining investitsion salohiyati” mavzusidagi taqdimot ham o‘tkazildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?