Boyovutda yirik sanoat zonasi qurilishi boshlandi

12:33 23 Iyul 2018 Iqtisodiyot
273 0
Foto: “Xalq so‘zi”

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida Janubiy Koreyaning “NCG ENGINIRING” kompaniyasining to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyasi ishtirokida bunyod etiladigan sanoat zonasi va uning ishchi-xodimlariga mo‘ljallangan aholi punktiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: “Xalq so‘zi”

Avval xabar qilganimizdek, mazkur ishlab chiqarish hududida 100 dan ortiq korxona tashkil etiladi. Va unga 300 million AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya yo‘naltiriladi. 2018 — 2023 yillarda to‘liq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan sanoat hududida 10 mingdan ortiq ishchi o‘rni yaratiladi. Unda kosmetika, farmatsevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat sanoati kabi ko‘plab tarmoqlar liniyalari ishga tushiriladi. Barcha ishlab chiqarish jarayonlari yuqori texnologiyalar asosida yo‘lga qo‘yiladi.

Foto: “Xalq so‘zi”

E’tiborlisi, mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida faoliyat boshlagan “NCG ENGINIRING BOYOVUT” xususiy korxonasi uchun har jihatdan qulay hududdan yer maydoni ajratildi. Ya’ni ushbu joy yaqinida temir yo‘l, avtomagistral hamda yuqori kuchlanishli elektr quvvati kabi infratuzilma tarmoqlari mavjud.

Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi G‘. Mirzayev, “NCG ENGINIRING” kompaniyasi prezidenti Jang Il Kveon ishtirok etdilar.
Ahmadali ShЕRNAZAROV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?