Botirjon Ibragimov: Bu qarorga kelish oson bo‘lmadi. Prezidentimizga ishonganim uchun yurtimizga qaytdim

14:16 26 Mart 2018 Jamiyat
823 0
Foto: O‘zA

Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan qidiruvda bo‘lgan marg‘ilonlik Botirjon Ibragimov o‘z ixtiyori bilan yurtimizga qaytgani uchun unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilmay, o‘z oilasi bag‘riga qaytarildi.

— Botirjon qidiruvdagilar orasida birinchi bo‘lib Vataniga qaytdi, — deydi  Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Umidjon Soliyev. — Bungacha uning oilasi bilan suhbatlar o‘tkazilgandi. Bilib-bilmasdan shu yo‘lga kirib qolgan 200 nafardan ortiq farg‘onalik yurtdoshlarimiz uchun ham ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, internet nashrlari orqali olib borayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlarimiz, albatta, o‘z samarasini beradi, deb ishonamiz.  Qaytib kelishsa, ularga nisbatan qamoqqa olish chorasi qo‘llanilmaydi, hibsga olinmaydi.

— To‘g‘risi, juda ko‘p ikkilanishlardan so‘ng shu qarorga keldim, — deydi Botirjon  Ibragimov. — Ichimdan nimalar o‘tganini o‘zim bilaman. Yashirmayman, bir to‘xtamga kelishim oson bo‘lmadi. O‘zga yurtlarda sarson, qochqin bo‘lib yurishning oxiri yo‘qligini angladim. Ichki ishlar idoralari hodimlari, mahalla faollarining yaqinlarim orqali bergan maslahatlariga tayanganim, Prezidentimizga ishonganim uchun yurtimizga qaytdim.
Foto: O‘zA

Botirjon Ibragimov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 244-moddasi 3-qismida ko‘rsatilgan (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) jinoyatni sodir etib, 4 yil xorijda qidiruvda yurdi. O‘tgan davr mobaynida o‘z qilmishlaridan pushaymon bo‘ldi hamda o‘z ixtiyori bilan yurtiga qaytishga qaror qildi. “Farg‘ona” aeroportiga tushgan B. Ibragimov qamoqxonaga emas, o‘z oilasi bag‘riga topshirildi. Ayni kunlarda ichki ishlar idoralari tomonidan ochiqda tergov ishlari olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbari 2017 yilning 1 sentyabrida Xastimom majmuasida imom-xatiblar bilan uchrashuv chog‘ida “qora ro‘yxat”da turgan 17 ming musulmondan 16 mingtasi ro‘yxatdan chiqarilgani va ulardan 9 ming 500 nafari ish bilan ta’minlanganini aytgan edi. Ijtimoiy xavflilik darajasi kuchli bo‘lmagan, adashib shu turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan vatandoshlarimizni sog‘lom hayotga moslashtirish borasida samarali ishlar yo‘lga qo‘yilayotgani Botirjon Ibragimov misolida ham o‘z isbotini topdi. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?