Boʻstonliqda umumiy ovqatlanish joylarining tibbiy-sanitar ahvoli qoniqarsiz. Bunga kim javob beradi?

18:50 08 Yanvar 2019 Jamiyat
513 0

Hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni va aholini qiynab kelayotgan muammolarni oʻrganish boʻyicha Respublika ishchi guruhi ikki hafta mobaynida Boʻstonliqda boʻldi. Natijalar va raqamlar tumanda amalga oshirilgan ishlardan koʻra, bajarilmagani koʻpligini koʻrsatdi. 30 mingga yaqin muammo aniqlandi. Jumladan, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 71 foizni tashkil etadi. Qolganlar quduq, soy va buloq kabi muqobil manbalardan foydalanadi. Mavjud 207,4 km ichimlik suvi tarmoqlaridan qariyb 90 foizi oʻz xizmat muddatini oʻtab boʻlgan va rekonstruksiyaga muhtoj. Bugun boʻstonliqliklarni eng koʻp tashvishga solayotgan masalalar koʻcha yoʻllarini taʼmirlash, ichimlik suvi, gaz, elektr energiyasi taʼminoti, turar joy va inshootlar kadastri, sogʻliqni saqlash kabi sohalarga toʻgʻri kelmoqda.

Xalq deputatlari Boʻstonliq tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi oʻrganish natijalari muhokamasiga bagʻishlandi.

Ayniqsa, tumandagi 8 ta 100-400 rusumli transformator punktlari taʼmirtalab. Ularni shu kecha-kunduzda yangisiga almashtirish zarur. 1950-1970 yillarda oʻrnatilgan 764 ta yogʻoch tayanch ustunlar maʼnan eskirgan va avariya holatida turibdi. Tuman hududidan oʻtuvchi yuqori kuchlanishli havo elektr va kabel tarmoqlari va transformator punktlarining muhofaza hududida 38 dan ortiq bino inshootlar mavjud. Bu esa fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, bu borada kechiktirib boʻlmas tadbirlarni taqozo qiladi.

Eng achinarlisi tumandagi sanitar-epidemiologik vaziyat bilan bogʻliq. Boʻstonliq – viloyatning eng soʻlim va xushmanzara hududlaridan boʻlgani bois, bu yerdan qishin-yozin sayyohlarning qadami uzilmaydi. Ammo, oʻrganishlar davomida tumandagi umumiy ovqatlanish joylarining tibbiy-sanitar ahvoli qoniqarsiz ekanligi aniqlandi.

Bugungi kunda hududda 82 ta umumiy ovqatlanish joyi mavjud boʻlib, ulardan 60 tasi dezinfeksiya markazlari bilan shartnoma tuzmagan. Ular orasida 17 ta somsaxona ham mavjud. Eng yomoni, bugungi kunda ish olib borayotgan 20 ta novvoyxonadan 5 tasi sanitariya talablariga umuman javob bermaydi.

Bundan tashqari, hududda 7 ta noqonuniy chiqindixona aniqlandi. Tumandagi bir necha markaziy koʻchalar, ayniqsa, “Qoronqul” mahallasi hududidagi namunaviy uy-joylarning orqa tomoni ham noqonuniy ravishda aholi tomonidan maishiy chiqindilar tashlash joylariga aylantirilgan. Mazkur muammolar yechimi yuzasidan deputat hamda jamoat nazoratini kuchaytirish yuzasidan bir qator amaliy takliflar oʻrtaga tashlandi. Ayniqsa, shu maqsadda ishlab chiqilgan “yoʻl xaritalari” ijrosi ustidan masʼullar aniq belgilandi.

Tumanga yetkazib berilayotgan gaz bosimi boshqa hududlarga qaraganda 2,5 barobar pastligi bois uylarni isitish uchun aholi elektr pechlardan foydalanadi. Natijada elektr sarfi 2-3 barobarga ortib, avariya holatlari yuzaga kelyapti. Bu bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish uchun “Xumson” elektr stansiyasini “Dala” mahallasidagi stansiyaga koʻchirish va yangi transformatorni ishga tushirish vazifa etib qoʻyildi.

Tumanda “Obod qishloq” dasturi boʻyicha ish olib borilayotgan “Maʼrifat” va “Iskandar” mahallalarida ichimlik suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, betonli tayanchlar oʻrnatish, ichki yoʻllarni taʼmirlash ishlarini tezroq yakuniga yetkazish lozimligi taʼkidlandi. Buning uchun Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, “Oʻzbekenergo” AJ, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, “Oʻzsanoatqurilishbank” tuman boʻlimi, Toshkent viloyati va Boʻstonliq tuman hokimligi masʼul etib belgilandi.

Dam olish maqsadida tumanga tashrif buyuruvchi fuqarolar tomonidan atrof-muhitga keltirilayotgan zararni bartaraf etish maqsadida esa bir necha dam olish hududlariga hamda Oʻrmon xoʻjaligi hududiga kirish qismiga “Ekologik post”lar oʻrnatish xususida ham taklif bildirildi. Hududga kirishni Jizzax viloyati Zomin tumani tajribasidan kelib chiqib pulli tarzda yoʻlga qoʻyish masalasi mutaxassislar tomonidan koʻrib chiqiladigan boʻldi.

Sessiya ishida Oliy Majlis Senati Raisi N.Yoʻldoshev ishtirok etdi.

Rahmatilla ShЕRALIYEV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?