“Boshoqli don yetishtirishni yanada ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qaroriga sharh

10:22 28 Noyabr 2018 Hujjatlar
283 0

Illyustrativ foto

Keyingi yillarda davlat xaridi uchun boshoqli don mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ammo qishloq xoʻjaligining mazkur muhim tarmogʻidagi real holat tahlili yaratilgan imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmayotganini, oʻz yechimini kutayotgan jiddiy muammolar mavjudligini koʻrsatmoqda. Jumladan, boshoqli don ekinlari ekish uchun yerlarning sifatsiz tayyorlanishi, agrotexnika qoidalariga rioya qilinmaslik, ayniqsa, ekin-tikin ishlarining kechiktirib yuborilishi, talab qilingan moddiy-texnika resurslari oʻz vaqtida yetkazib berilmasligi oqibatida kutilgan hosil olinmayapti.

Joylardagi masʼullar va fermerlar tomonidan kontraktatsiya shartnomasi majburiyatlari bajarilmayotgani, hosildorlikni oshirish va qoʻshimcha daromad olish yuzasidan yetarlicha choralar koʻrilmayotgani ham ayni haqiqat.

Qolaversa, yuqori hosildorlikka erishgan fermer xoʻjaliklarini ragʻbatlantirish, hosildorlik koʻrsatkichi past boʻlgan fermer xoʻjaliklariga nisbatan esa keskin choralar koʻrish tartibi ishlab chiqilmagani sugʻoriladigan unumdor yer maydonlaridan foydalanish samaradorligining pasayishiga sabab boʻlmoqda.

Vazirlar Mahkamasining “Boshoqli don yetishtirishni yanada ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori soha ravnaqida toʻgʻanoq boʻlayotgan ushbu muammolarni bartaraf etish va uni sifat jihatidan yanada rivojlantirishga qaratilgan.

Qarorda davlat xaridi uchun boshoqli don yetishtirish boʻyicha amaldagi tartibdan mutlaqo farq qiladigan yangi tizim va mexanizmlar joriy etilishi nazarda tutilganligi uning tarixiy ahamiyat kasb etishidan dalolat beradi.

Xususan, unga koʻra, 2019 yil hosili uchun sugʻoriladigan va lalmi maydonlarga ekilgan boshoqli don ekinlari yalpi hosilining prognoz hajmlari tasdiqlanib, sugʻoriladigan maydonlarning har gektaridan 40 sentnerdan kam hosil olish “yerga nisbatan xiyonat” deb baholanishi va yer ijara shartnomasi bekor qilinishigacha choralar koʻrilishi belgilandi.

Yana bir yangilik 2019 yildan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlariga sugʻoriladigan yerlarda boshoqli don yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalariga yagona yer soligʻini hisoblashda soliq stavkalariga hosildorlikka qarab koeffitsiyentlar qoʻllash tartibi kiritilganidir.

Yaʼni, gektaridan oʻrtacha 30 sentner va undan past hosil olinganda 2 barobar, hosildorlik 31 sentnerdan 40 sentnergacha boʻlganida esa 1,5 barobar koʻpaytiruvchi koeffitsiyentlar qoʻllaniladi. Mazkur tartib gʻalla yetishtiruvchilarni oltinga teng boʻlgan sugʻoriladigan yerlardan samarali foydalanish, mahsulot yetishtirish hajmlarini koʻpaytirish borasidagi masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Maʼlumki, bugungi kunga qadar davlat xarididan ortiqcha yetishtirilgan boshoqli don mahsulotining aniq hisobi yuritilmas, bu esa respublika yalpi don hajmi va aholini ushbu turdagi mahsulotlar bilan taʼminlash darajasini real baholash imkonini bermas edi. Shu maʼnoda, qarorda qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan yetishtirilgan yalpi gʻalla hosili hisobini yuritish tartibini tasdiqlash masalasi eʼtibordan chetda qolmagani diqqatga sazovor.

Qarorga muvofiq, sohada yana koʻplab tub oʻzgarishlar roʻy beradi. Xususan: yetishtiriladigan bugʻdoyning har bir tonnasi uchun kafolatlangan davlat xaridining oʻrtacha narxi 1 mln. 200 ming soʻm yoki joriy yildagiga nisbatan 1,6 barobar yuqori darajada belgilandi, bu esa tabiiyki, mahsulot yetishtiruvchilarning moliyaviy barqarorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi;

davlat xaridi uchun yetishtirilgan mahsulotlarni tabaqalashtirilgan narxlarda, yaʼni ustama va chegirmalar qoʻllagan holda sotib olish tartibi joriy qilinadi. Boshqacha qilib aytganda, yetishtirilgan boshoqli don hosildorligiga qarab, davlat xaridi uchun yetkazib berilgan gʻalla xarid narxiga 25 foizgacha ustama yoki chegirma qoʻllaniladi.

Bunda, xarid narxiga boshoqli don hosildorligi har gektaridan 41 sentnerdan 50 sentnergacha boʻlganida – 10 foiz (120 ming soʻm), 51 sentnerdan 60 sentnergacha boʻlganida –20 foiz (240 ming soʻm), 61 sentner va undan yuqori boʻlganida – 25 foiz (300 ming soʻm) ustama qoʻllaniladi.

Aksincha, davlat xaridi narxlari hosildorlik 30 sentner va undan kam boʻlganida – 25 foiz (300 ming soʻm), 31 sentnerdan 40 sentnergacha boʻlganida –15 foiz (180 ming soʻm) chegirma bilan hisob-kitob qilinadi.

Mazkur tartibning qoʻllanilishi dehqon va fermerlarning hosildorlikni oshirib borishga boʻlgan intilishini kuchaytirish, moddiy jihatdan ragʻbatlantirishda asosiy omil boʻlib xizmat qiladi.

Gʻalla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish tizimini ham takomillashtirish nazarda tutilgan. Agar amaldagi tartibga koʻra, imtiyozli kredit davlat xaridi uchun yetkazib beriladigan boshoqli don qiymatining 60 foizigacha ajratilib kelingan boʻlsa, yangi tartibda 100 foizigacha (tayyorlov korxonasi tomonidan boʻnak tariqasida yetkazib berilgan urugʻlik qiymatini inobatga olgan holda) beriladi.

Moliyalashtirish tizimidagi ushbu oʻzgarish fermer xoʻjaliklarining aylanma mablagʻ taqchilligiga barham berish bilan birga, ular tomonidan resurs va xizmatlar uchun toʻlovlarni oldindan amalga oshirish, agrotexnika tadbirlarini oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazish, gʻalla yetishtirish hajmini koʻpaytirish, pirovardida yuqori daromad olish imkonini beradi.

Yana bir muhim jihat, mazkur qarorda oldindan bilish, oqilona choralar bilan oldini olish mumkin boʻlmagan favqulodda xususiyatga ega hodisalar (qurgʻoqchilik, tabiat hodisalari va boshqa fors-major holatlar) oqibatida boshoqli don ekinlaridan kutilgan hosil olinmagan taqdirda hamda ushbu holatlar Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha hududiy komissiya tomonidan tasdiqlanganda, davlat xaridi uchun yetkazib berilgan don xarid narxida hisob-kitob qilinishi belgilandi. Vaholanki, shu paytga qadar mahsulot yetishtiruvchilar turli tabiiy ofatlardan yetarli darajada himoyalanmagan edi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda, sugʻoriladigan maydonlarda 2019 yil hosili uchun ekilgan kuzgi boshoqli don ekinlarini parvarishlash boʻyicha agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan “yoʻl xaritalari” qabul qilindi.

Boshoqli don yetishtirishda agrotexnika tadbirlarini oʻz vaqtida sifatli oʻtkazish va kafolatlangan hosil olishni tizimli tashkil etish boʻyicha esa Respublika Ishchi guruhlarining tarkibi tasdiqlandi. Ular zimmasiga “yoʻl xaritalari”dan kelib chiqib, har bir fermer xoʻjaligi tomonidan amalga oshiriladigan agrotexnika tadbirlari rejasini alohida yozma ravishda tayyorlab yetkazish va uning ijrosini taʼminlash vazifasi yuklatildi.

Boshoqli don yetishtirish va oʻrib-yigʻib olish bilan bogʻliq agrotexnika yumushlarining oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishi, moliyaviy va moddiy-texnika resurslarini toʻliq hajmda va oʻz vaqtida yetkazib berilishi, yakuniy hisob-kitoblar 2019 yil 1 sentyabrga qadar toʻliq amalga oshirilishi, mazkur yoʻnalishdagi ishlar boʻyicha tizimli nazorat oʻrnatilishi yuzasidan tegishli mutasaddilarning shaxsiy javobgarligi belgilab qoʻyildi.

Bundan tashqari, ichki bozorda bugʻdoy, un va non mahsulotlari narxlari keskin oshib ketishining oldini olish, narx barqarorligini taʼminlash hamda bugʻdoyni qayta ishlash sohasida raqobatni kuchaytirish, davlat xaridi uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda zarur boʻlgan mineral oʻgʻitlar hajmi va ularning narxini belgilash, xorijiy davlatlar tajribasini tahlil qilgan holda, davlat xaridi uchun yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilini sugʻurtalash tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilishi nazarda tutildi.

Ushbu qarorning izchil ijrosi, shak-shubhasiz, gʻallachilikda yer maydonlaridan samarali foydalanish va yuqori hosildorlikka erishish, fermer xoʻjaliklari masʼuliyatini yanada oshirish hamda ularni moddiy manfaatdorligini oshirish tizimini joriy qilish imkonini beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?