Boshlangʻich tashkilot yetakchiligidan hokim oʻrinbosari lavozimiga koʻtarilgan yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi

12:25 13 Avgust 2019 Jamiyat
118 0

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida Yoshlar ittifoqining hududiy Kengashlaridagi Boshlangʻich tashkilot yetakchilari faoliyatini muvofiqlashitirish boʻlimi mudirlari uchun 2 kunlik oʻquv-seminar tashkil etildi. Unda yetakchilarning yangi oʻquv yilidagi faoliyati samaradorligini oshirish, joylarda yetakchilarni tanlash boʻyicha hududiy komissiyalar ishini samarali tashkil etishga doir masalalar oʻrtaga tashlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan imzolangan qoʻshma qarorlar qaytadan koʻrib chiqilib, yoshlar yetakchilarini lavozimga oʻstirish va korxona, tashkilot va muassasalardagi boshlangʻich tashkilotlar faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha fikr-mulohazalar yuritildi.

—Seminarni maxsus dastur asosida tashkil etib, unda yangi oʻquv yilida yetakchilar faoliyatida loyihalar samaradorligini oshirish, joylarda yetakchilarni tanlash boʻyicha hududiy komissiyalar ishi natijadorligiga alohida eʼtibor qaratdik, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashidagi Boshlangʻich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi mudiri Durdona Raximova. — Seminarda boshlangʻich tashkilot yetakchilari Forumini tashkil etish masalasi kun tartibiga qoʻyilib, bu boʻyicha ishtirokchilar tomonidan ishlab chiqilgan takliflar saralandi.

Seminar Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da davom ettirilib, qizgʻin muhokamalar davomida hududlardagi boshlangʻich tashkilot yetakchilari faoliyatini monitoring qilish va reytingini ishlab chiqishga kelishib olindi. Yigʻilish yakunida sentyabr oyida boshlangʻich tashkilot yetakchilari forumi oʻtkazilishi maʼlum qilindi. Taʼkidlanishicha, mazkur Forumda har bir xudud yetakchilari oʻz oldidagi ustuvor vazifalarni belgilab oladi. Tuzilgan reyting natijalariga koʻra eng naʼmunali faoliyat yuritgan boshlangʻich tashkilot yetakchilari munosib ragʻbatlantiriladi. Shuningdek, “Sotsial lift” asosida boshlangʻiq tashkilot yetakchiligidan hokim oʻrinbosari lavozimiga koʻtarilgan yoshlar bilan ham uchrashuvlar tashkil etiladi.

Shahnoza Nurullayeva


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?