“Boshimda oy borur — menga hamqadam”

15:09 13 Yanvar 2020 Madaniyat
261 0

Shoir sheʼrlarida yashaydi, degan gapni koʻp bor eshitganmiz. Darhaqiqat, chin ijodkor asrlar oʻtsa-da ham asarlarida, ham insonlar qalbida abadiy tirik.

XX asr oʻzbek adabiyotining rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan ulugʻ adib, shoir, olim, jamoat arbobi Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybek hayoti ham ijodida mujassam. Bu yil ijodkor tavalludining 115-yilligini nishonlaymiz.

Baʼzan ism ham kadarni belgilab beradiganday tuyiladi kishiga. Shoir goʻyo oy kabi koʻksi dogʻ, ammo hamisha bedor yashadi. Yozuvchi, shoir, dramaturg, publitsist sifatida adabiyotga, jamiyatga xizmat qildi. Ocharchilik, qiyinchilik davri, urush yillari boʻlishiga qaramay, “Tuygʻular”, “Koʻngil naylari”, “Mashʼala” kabi betakror sheʼriy toʻplamlarni, “Qutlugʻ qon”, “Ulugʻ yoʻl”, “Navoiy”, “Quyosh qoraymas” singari romanlarni, “Gʻalvirchi”, “Xalq qalqoni” kabi pyesalarni yaratdi, qolaversa, Pushkin, Krilov, Belinskiy, Moler, Hayne kabi dunyo yozuvchi va shoirlarining yirik asarlarini tarjima qilib, oʻzbek kitobxoniga havola etdi. Barmoqlari, qoʻllari, hatto oyoqlari harakatdan qolib, butunlay toʻshakka mixlanib qolgan kezlarida ham ijod zavqi unga kuch bagʻishladi. U yozmoqchi boʻlganlarini rafiqasiga ogʻzaki aytib bergan, rafiqasi esa ularni qogʻozga tushirgan...Uni xotirlab, shoir rafiqasi birinchi oʻzbek kimyogari Zarifa Saidnosirova “Oybegim mening” asarida shunday deydi:

“...Uning 1959-yil 15-avgust kuni yozgan bir sheʼrini oʻqisam, yuragim ezilib ketadi. Siz ham oʻqib koʻring, balki siz ham Oybekning oʻsha kezlardagi holatini aniq tasavvur etarsiz:

Xastamen… Fikrga, tuygʻuga toʻlib —

Oy menga hamqadam — sokin yuramen.

Sogʻaysam bir kuni yozamen toʻyib,

Hislarga qalbimni qoʻshib yozamen.

...Kechalar yururmen telbaday horib –

Boshimda oy borur — menga hamqadam.

Xayollar uchadi mashʼalday yonib,

Toʻyib yozajakman bir kun sogʻaysam...”

Ha, shoir soʻnggi nafasigacha ijod zavqi bilan yashadi. Bugun u barchamizga ibrat boʻladigan ijod va hayot maktabini yaratib ketdi, desak yanglishmaymiz.

Yulduz OʻRMONOVA,

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?