Bosh vazir oʻrinbosari parlament soʻroviga javob qaytardi. U qizg'in muhokamalarga sabab bo'ldi

17:19 15 Sentyabr 2020 Siyosat
174 0

2020-yil 15-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda “Oʻzbekiston Respublikasida kambagʻallik darajasini aniqlash mezonlari, ijtimoiy taʼminotning minimal standartlari va meʼyoriy asoslarini ishlab chiqish hamda kambagʻallikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va ustuvor vazifalar toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan yuborilgan Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri Jamshid Qoʻchqorovning javobi atroflicha koʻrib chiqildi. 

Ushbu masala boʻyicha parlament soʻroviga javob Qonunchilik palatasining avvalgi majlislaridan birida oʻta talabchanlik bilan muhokama qilingan va deputatlar koʻtargan savollarga toʻliq va batafsil tushuntirishlar boʻlmaganligi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi vazirlik tomonidan taqdim etilgan axborotni keyingi majlisda qayta koʻrib chiqish taklifini bildirgan edi. Fraksiya aʼzolari mazkur axborotda soʻrovda qoʻyilgan savollarga yana-da toʻliqroq maʼlumot olish va bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni chuqurroq oʻrganish maqsadga muvofiq ekanini taʼkidlashgandi.

Parlament soʻroviga javobda qayd etilganidek, kambagʻallikni qisqartirish yoʻnalishida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Jumladan, Prezidentimizning 2020-yil 26-martdagi Farmoniga muvofiq, kambagʻallik va aholining turmush darajasini aks ettiruvchi vosita sifatida mahalla pasportlari ishlab chiqilgan. Mamlakat rahbarining Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlariga tashriflari davomida tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha bergan topshiriqlari asosida hududlarda Ishlar-rejasi tasdiqlanib, ularni ijro etish ishlari boshlab yuborildi.

Xususan, Andijon viloyati Paxtaobod tumani Boʻstonobod qishlogʻi hamda Qoʻrgʻontepa tumani “Yangi hayot” mahallasi uchun ishlab chiqilgan dastlabki rejaga muvofiq, qishloq hududlariga zarur muhandislik kommunikatsiyalari tortilib, koʻp qavatli uylar qurilmoqda. Mazkur uylar, avvalo, bir uyda koʻpchilik boʻlib yashayotgan oilalar, shuningdek, aholining muhtoj qatlamiga berilib, bu borada “Andijon tajribasi” sinovdan oʻtkazilyapti.

Namangan viloyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, kam taʼminlangan oilalar bandligini taʼminlash orqali doimiy daromad manbalariga ega boʻlishlariga koʻmaklashish maqsadida “Bir joyda — ming oila issiqxonasi” loyihasi roʻyobga chiqarilmoqda. Ushbu loyiha orqali Namangan tumanida 38 ming xonadonning 1,5 ming gektar ekin maydonlarida issiqxonalar tashkil etish uchun 50 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Hozirda mazkur loyiha doirasida Chortoq tumanidagi 800 ta kambagʻal oilalar aʼzolarining bandligi taʼminlangan.

Mamlakatimizning boshqa viloyatlarida, tuman va shaharlarida ham shu kabi amaliy ishlar boshlab yuborilgan.

Prezidentimiz rahbarligida 2020-yil 20-aprelda oʻtkazilgan majlis ijrosi asnosida vazirlik va idoralar bilan birga hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari qarori bilan “Temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand oilalar roʻyxatlari ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, ayni paytda sektor rahbarlari va aʼzolari tomonidan “Temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand oilalarning bandligini taʼminlash hamda daromad manbaini yaratish choralari koʻrilayotir.

Joriy yilning 1-avgust holatiga koʻra “Temir daftar”ga kiritilgan 472,1 ming nafar mehnatga layoqatli ishsizlarning 369,0 ming nafari yoki 78 foizining bandligini taʼminlashga erishildi.

Qonunchilik palatasi deputatlik korpusi tomonidan ayni shu yoʻnalishda olib borilgan oʻrganishlar, tahlillar bu borada qator kamchiliklar kuzatilayotganini koʻrsatmoqda.

Parlament soʻroviga javobda qayd etilishicha, haqiqatan ham mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarda ayrim omillar tufayli bir qator noaniqliklar yuzaga kelmoqda.

Chunonchi, “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hududiy boʻlinmalari hisobvaraqlariga kelib tushayotgan mablagʻlar tumanlar kesimida sezilarli darajada farq qilmoqda. Misol uchun, deputatlar oʻrganishlarida ayon boʻlganidek, Xorazm viloyatining Xiva, Yangiariq tumanlari va Xiva shahri hisobvaraqlariga boshqa joylarga nisbatan bir necha barobar kam mablagʻlar kelib tushishi natijasida ijtimoiy-iqtisodiy holati bir xil boʻlgan oilalarga turli darajadagi koʻmak, yordamlar koʻrsatilgan. Aniqlangan ana shunday nomutanosibliklarni bartaraf etish maqsadida aynan shu hududlarda 5,5 ming oilaning 23 ming aʼzolari “Temir daftar”ga yangidan kiritilishi belgilanmoqda.

Vazir javobida, shuningdek, davlatimiz rahbarining shu yil 30-iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida bir qator ezgu tashabbuslar roʻyobga chiqarilishiga urgʻu berildi. Ana shulardan biri — ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar sonini 600 ming nafarga oshirish orqali dekabr oyiga kelib 1,2 millionga yetkazilishidir. Bu esa respublikadagi jami oilalarning qariyb 14 foizini tashkil qiladi. Ushbu maqsadlarga joriy yilda 426 mlrd. soʻm qoʻshimcha mablagʻlar yoʻnaltirish belgilangan.

Tijorat banklari tomonidan pandemiya davrida tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash va shu orqali kambagʻallikni qisqartirish loyihalarini moliyalashtirish va kreditlash tadbirlari ham amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilning birinchi yarim yilligida qarzdorlarning kredit toʻlovlari bilan bogʻliq muammolarini bartaraf etish maqsadida moliyaviy qiyinchiliklarga uchragan 2,1 mln. nafar mijozlarning jami 25,2 trln.soʻmlik kredit toʻlovlari muddatlari uzaytirildi.

Vazirlik tomonidan taqdim etilgan javobni koʻrib chiqish davomida kambagʻallikni qisqartirish, uni aniqlashning huquqiy asoslarini mustahkamlash, kambagʻallikni belgilash mezonlarini, metodologiyasini shakllantirish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlarga alohida eʼtiborda berdi. Javobdan maʼlum boʻlishicha, hozirgi kunda ekspertlar bilan birgalikda qator konseptual hujjatlar, shu jumladan, “Yashash minimumi”ʼ, “Minimal isteʼmol savatchasi”ni hisoblash metodologiyasini mamlakatdagi real iqtisodiy holatni inobatga olgan holda maqbul va amaliy jihatdan foydali metodologiyasi, qisqa muddatlarga amalga oshirilishi zarur boʻlgan kambagʻallikni qisqartirish dasturi, 2030-yilga qadar Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirish strategiyasi loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Deputatlar hozirgi murakkab vaziyat — pandemiya sharoitida aholining ehtiyojmand qatlamini qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambagʻallikni qisqartirish dolzarb masalalardan sanalishini, ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar ustidan parlament va deputatlik nazoratini kuchaytirish maqsadga muvofiq ekanini taʼkidladilar.

Qizgʻin muhokamalar ruhida oʻtgan majlisda parlament soʻroviga yuborilgan javob maʼlumot uchun qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?