Bosh vazir o‘rinbosari Kattaqo‘rg‘ondagi mojaro bo‘yicha yana bir marta bayonot berdi

09:47 06 Iyul 2018 Jamiyat
750 0
Foto: XPK

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Narbayeva Kattaqo‘rg‘onda ichki ishlar xodimi tomonidan tahqirlangan ayol voqeasiga yana bir marta munosabat bildirdi.

“Hurmatli yurtdoshlar! Samarqandlik singlimizga qilingan qo‘pol munosabatni men ayol sifatida, Qo‘mita rahbari sifatida keskin qoralayman. Shu kimsaning jazolanish jarayonini albatta shaxsiy nazoratimga olaman. Sud jarayonida ham albatta vakillarimizning qatnashib, Ayol sha’nini himoya qilinishini ta’minlayman. Bunday holat qaytarilmasligi yuzasidan ichki ishlar vazirligi bilan muzokaralar tashkil qilinishini ma’lum qilaman”, — deb yozadi Narbayeva o‘zining Facebook’dagi sahifasida.

Bundan avvalroq Bosh vazir o‘rinbosari kattaqo‘rg‘onlik ayol voqeasiga munosabatida respublika xotin-qizlar qo‘mitasi ayollar bilan, u qanday xato qilib qo‘yganidan qat’iy nazar, bunday munosabatda bo‘lishga mutlaqo qarshiligini, qo‘mita shu ayolning muammosi bilan albatta shug‘ullanishini bildirib o‘tgandi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq 2018 yil 4 iyul kuni Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan Kattaqo‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili, ayolni tahqirlagan S. Umarovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?