Bosh vazir oʻrinbosari inflyatsiya, YAIM, iqtisodiyot boshqa sohalarning I chorakdagi koʻrsatkichlari boʻyicha maʼlumot berdi

17:51 03 May 2019 Jamiyat
381 0

Senatning oʻn toʻqqizinchi yalpi majlisida Bosh vazir oʻrinbosari A. Abduhakimovning “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi doirasida birinchi chorakda amalga oshirilgan ishlar boʻyicha hisoboti eshitildi.

A. Abduhakimovning taʼkidlashicha, davlat dasturi jami 274 ta banddan iborat boʻlib, uning 171 ta bandida normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan 20 ta qonun, Oliy Majlis palatalarining 3 ta qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 28 ta farmoni, 120 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish hamda 103 ta amaliy va kompleks chora-tadbirlarni bajarish nazarda tutilgan. Davlat dasturi ijrosi doirasida umumiy qiymati 16,9 trillion soʻm va 8,1 milliard dollarga teng loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Birinchi chorakda yalpi ichki mahsulotning oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,3 foizga oʻsishiga erishildi. Hisobot davrida qiymati 67,4 trillion soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.

Inflyatsiya darajasi 4,3 foizni (2018 yil I choragida 4,9 foiz) tashkil etib, prognoz parametrlari (3,9-4,4 foiz) doirasida boʻlishi taʼminlandi.

Iqtisodiyotni rivojlantirish va investitsiyalarni faol jalb etish sohasida islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy baza toʻliq qayta koʻrib chiqilmoqda.

Xususan, bank va moliya tizimini isloh qilish hamda sohaga zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan “Markaziy bank toʻgʻrisida”, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida” va “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonunlarning yangi tahrirdagi loyihalari ishlab chiqildi.

Bank xizmatlari bozorida raqobatni hamda ishonchlilikni oshirish maqsadida yangi – “Humo” toʻlov tizimini joriy etish boshlandi.

Joriy yilning shu kuniga qadar respublikada 5 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasi (filial, fakultet, qoʻshma dastur) faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Xususan, Amiti Universiteti, “Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (universiteti)” Federal davlat avtonom oliy taʼlim muassasasining Toshkent shahridagi filiali, Vebster universitetining taʼlim dasturlarini amalga oshirish markazi, Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filialida Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti va Koryo universiteti bilan hamkorlikda xalqaro fakulteti, Sharda universiteti tashkil etildi.

Davlat dasturi doirasida hisobot davrida sogʻliqni saqlash tizimini isloh etish yoʻnalishida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash va ular bilan aholini qamrab olishni kengaytirish maqsadida Jahon banki Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining kredit mablagʻlari hisobidan “Salomatlik-3” loyihasi doirasida birinchi chorakda 516 ta tibbiyot muassasalari qiymati 3,4 million dollar boʻlgan 131 xildagi tibbiy uskunalar bilan taʼminlandi. Bolalarni vaksinalar bilan taʼminlash tadbirlariga davlat byudjetidan birinchi chorakda 72 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.

Shu bilan birga, ijtimoiy sohadagi uzoq vaqtdan beri hammamizni qiynab kelgan bir muammo yaʼni Ijtimoiy himoya sohasida alohida masʼul vazirlik tashkil etish masalasi ham 2019 yil Davlat dasturiga kiritilgan. Mazkur masala boʻyicha Deputatlar va Senatorlarimiz ham tavsiyalarini berganlar. Bosh vazirimizning mazkur masala yuzasidan aniq topshiriqlari chiqdi. Albatta qisqa muddatlarda mazkur topshiriq bajariladi.

Davlat dasturining har bir yoʻnalishi va bandi boʻyicha biriktirilgan aniq masʼul ijrochilarning, belgilangan topshiriqlar ijrosi boʻyicha barcha darajadagi rahbarlarning shaxsiy masʼuliyati va javobgarligi kuchaytiriladi, deb taʼkidladi Bosh vazir oʻrinbosari A. Abduhakimov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?