Bosh vazir deputatning Ukraina masalasidagi taklifiga qanday munosabat bildirdi?

21:09 17 Noyabr 2018 Siyosat
1066 0

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida hukumat aʼzolari ishtirokida deputatlar tomonidan Oʻzbekistonning bosh moliyaviy hujjati loyihasi – soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari koʻrib chiqildi. Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi.

Muhokamalar davomida Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Bosh vazirga murojaat etib, Ukrainaning oʻzbek avtomobillariga nisbatan qoʻymoqchi boʻlayotgan cheklovlariga qarshi yaqinda deputatlarning munosabati va bildirgan taklifi boʻyicha Hukumat tomonidan qanday choralar koʻrish rejalashtirilayotganligini soʻradi. Deputat oʻz soʻzida agar zarur boʻlsa Hukumat Ukraina mahsulotlari importining oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi boshqa mamlakatlar bilan savdo iqtisodiy munosabatlarni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq ekanligini bildirib oʻtdi.

Bosh vazir deputatning ushbu taklifiga javoban mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida uzoq va yaqin qoʻshni mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni olib borishga alohida eʼtibor qaratilayotganligi va shu bois, Ukraina parlamenti tomonidan koʻtarilib Ukraina hukumatiga kiritilgan Oʻzbekiston avtomobillariga qarshi cheklov oʻrnatish boʻyicha choralarga qarshi har qanday chora qoʻllashda vazminlik va bosiqlik bilan ish tutish zarurligini maʼlum qildi.

Hukumat rahbari oʻz soʻzida ayni vaqtda Oʻzbekistondagi tegishli vazirlik va idoralar Ukraina tomoni bilan mazkur masalada aniq yechimga kelish ustida ishlayotganligi va yaqin vaqt ichida tomonlar oʻzaro manfaatli toʻxtamga kelinishiga ishonch bildirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?