Bosh vazir davlat organlarida yigʻilishlar soni va muddatini qisqartirish boʻyicha topshiriq berdi

17:40 25 Avgust 2018 Siyosat
589 0

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov davlat organlarida yigʻilishlar soni va muddatini qisqartirish, shuningdek, keraksiz hisobotlar va maʻlumotlarni yigʻishni toʻxtatish topshirigʻini berdi.

Bu borada barcha darajadagi davlat tashkilotlari va boshqarmalari, ayniqsa, mahalliy hokimliklarga aniq ish reglamentini ishlab chiqish topshirildi. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.

Yigʻilishlar tartibliligi va samaradorligini oshirish uchun ular sonini keskin qisqartirish nazarda tutilyapti: ular grafik boʻyicha haftasiga 2-3 tadan koʻp boʻlmagan miqdorda oʻtkaziladi.

Bundan tashqari, yigʻilishlar muddati respublika darajasida 2 soatgacha, viloyat, tuman va shahar darajasida 1-1,5 soatgacha qisqartirilmoqda.

Abdulla Aripov yigʻilishlarni noqulay vaqtda(erta tongda yoki tunda) oʻtkazilishi va ularga koʻrilayotgan masalalarga daxli yoʻq boʻlgan korxona, idora hamda jamoatchilik tashkilotlari rahbarlari va xodimlari, fermerlar va tadbirkorlar taklif etilishini taqiqladi. Qolaversa, yigʻilishda chiqish qiladigan har bir ishtirokchiga buning uchun 5-7 daqiqagacha vaqt cheklovi oʻrnatiladi.

Oʻz navbatida respublika markaziy apparatidan hududlarga komissiyalar va ishchi guruhlarini yuborish faqatgina kompleks rahbarlari ruxsati bilan amalga oshirish tartibi ham tasdiqlandi. Ishchi safarlari samaradorligi ustidan nazorat taʻsis etildi.

Bosh vazir qogʻozbozlikni qisqartirish va quyi tashkilotlar hamda mahalliy hokimliklardan keraksiz hisobotlar va maʻlumotlarni yigʻishni toʻxtatish topshirigʻini ham bergan.

Eslatib oʻtamiz, davlatimiz rahbari tomonidan shu yil 14 avgust kuni mamlakatimiz iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mahalliy hokimliklar rahbarlarining xorijiy davlatlarga uyushtirgan xizmat safarlari natijalari tanqid qilingandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?