“Bosh Vazir boshchiligida boʻlib oʻtgan selektor yigʻilishida koʻtarilgan masalalar ayrim blogerlar tomonidan notoʻgʻri talqin qilinyapti” — Qoʻmita 

16:57 13 Oktyabr 2020 Jamiyat
395 0

Bosh Vazir boshchiligida boʻlib oʻtgan selektor yigʻilishi va unda koʻtarilgan masalalar bugun OAV va blogerlar oʻrtasida keng muhokama qilinyapti. Ayrim blogerlar tomonidan koʻtarilgan masalalar notoʻgʻri talqin qilinyapti. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi matbuot xizmati maʼlum qilindi.

"Mazkur selektor yigʻilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 5-oktyabrdagi PF–6079-son Farmoni bilan belgilangan loyihalar va chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishni samarali tashkillashtirish masalalariga bagʻishlangan.

Majlis Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi faoliyatiga bagʻishlanmagan va unda qoʻmita raisi Najmiddinxoʻja Sharipovning hisoboti yoki “UzAutoMotors” kompaniyasi masalasi boʻyicha maxsus axboroti tinglanmagan.

Yigʻilishning asosiy mavzularidan biri – davlat organlar tomonidan olib borilayotgan axborot siyosati, matbuot kotiblarining faoliyati samaradorligi, OAV bilan ishlashda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash masalalariga bagʻishlangan.

Yigʻilishda, Bosh vazir tomonidan hozirgi kunda yuqoridagi yoʻnalishlarda davlat organlar tomonidan olib borilayotgan ishlar xususida fikrlar bildirilib, koʻplab ijobiy va tanqidiy misollarga toʻxtalib oʻtildi. Xususan, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va “UzAutoMotors” kompaniyasi oʻrtasida davom etayotgan sud jarayonida shoshmasdan qaror qabul qilish va imkon darajasida xalqaro konsultant-mutaxassislar bilan hamkorlikda, ularning oʻrganishlari ham inobatga olingan holda ish olib borilishi taklif sifatida bildirildi.

Shuningdek, davlat organlari rahbarlari OAV bilan oʻzaro muloqotda, asosli va isbotlangan dalillarga tayanib hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kerakligi, aks holda bu harakatlar populistik koʻrinishga ega boʻlib qolishi ehtimoli borligi nazarda tutilgan" deyiladi xabarda.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?