Bosh prokuror oʻrinbosari senatorlarning korrupsiya boʻyicha bergan savoliga qanday javob qaytardi?

16:34 23 Avgust 2019 Jamiyat
116 0

Ziyoda Ashurova, Munisxon Karimova/ “Xalq soʻzi”- Online. Senatning yigirma birinchi yalpi “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019-yil ikkinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilingani haqida xabar bergan edik.

Uni qabul qilgan xalq vakillari Oʻzbekistonning korrupsiya boʻyicha xalqaro reytinglardagi oʻrni boʻyicha Bosh prokuror oʻrinbosari Erkin Yoʻldoshevga savol berishdi.

U mamlakatimizning korrupsiya reytingi boʻyicha “Transparency International” tashkiloti roʻyxatida 158-oʻrinni egallab turgani, bu yaxshi holat emasligini, tashqi imidjga ham salbiy taʼsir etishini aytib oʻtdi. Lekin mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashning ahvoli faqatgina bu tashkilotning fikri bilan chegaralanmasligini ham bildirdi. Bu borada Oʻzbekistonda maxsus monitoring oʻtkazib, yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha jiddiy siljish kuzatilganini eʼtirof etgan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot xalqaro tashkiloti xulosalarini misol qilib keltirdi.

E.Yoʻldoshev soʻnggi ikki yilda islohotlarni butun dunyo koʻrib turgani va quvvatlayotgani va mazkur islohotlar samarasi korrupsiyaga qarshi kurash bilan bogʻliq holda oʻlchanishini taʼkidladi.

“Shuning uchun ham, davlatimiz rahbari respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning barchasida ularga xalaqit qilishi mumkin boʻlgan korrupsion omillarni bartaraf qilinglar, tomiri bilan yoʻqotinglar, degan vazifani qoʻyganlar, - dedi Bosh prokuror oʻrinbosari Erkin Yoʻldoshevga. - Prezidentimiz imzolagan “Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi qonuni, Korrupsiyaga qarshi kurash dasturi, hukumatimizning Istanbul harakatlar rejasi bilan bogʻliq ishlab chiqqan yoʻl xaritalaridan maqsad ham shu.

Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashning ahvoli faqatgina Transparency Internationalʼning fikri bilan chegaralanib qolmaydi. Boshqa reytinglar ham koʻp. Eng asosiysi, bizni qiziqtirayotgani, biz uchun muhim boʻlgani – korrupsiyaga murosasiz muhit shakllandimi, shakllanyaptimi, ijobiy oʻzgarish boʻlyaptimi, degan savolga javob topish.

Korrupsiya bilan professional shugʻullanuvchi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot xalqaro tashkiloti bor. Shu tashkilot shu yil boshida Oʻzbekistonga kelib, maxsus monitoring oʻtkazdi va oʻzining hisobotida: “Oʻzbekistonda korrupsion faktorlarni bartaraf qilishda jiddiy siljish bor”, degan eʼtirofni aytdi.

Bu eʼtirofni shu tashkilotning rahbari Parijda boʻlgan 24-kengaytirilgan yigʻilishda ham alohida taʼkidladiki, Oʻzbekistonda ruscha aytganda jiddiy “prorыv”, jiddiy siljish boʻlyapti, deb bizning mamlakatimizni qatnashayotgan davlatlar ichida alohida taʼkidlab qoʻydi.

Ular oʻtgan yili 21ta mana shunday reytingga tushadigan tavsiyalar bergan boʻlsa, bu tavsiyalarning barchasi bajarilgani qayd etildi. Shu bilan birgalikda, yana 47ta yangi tavsiya berildi – ular bajarilyapti.

Xalqaro baholar, reytinglar muhim, lekin eng asosiysi – prezidentimizning soʻnggi farmonlari bilan, korrupsiyaga qarshi kurash bugungi kunda chinakamiga davlatning siyosati darajasiga koʻtarilib turibdi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?