Bosh prokuror Fargʻonada tadbirkorlar bilan uchrashdi

17:16 19 Avgust 2019 Jamiyat
346 0

Fargʻona viloyatidagi tadbirkorlar markazida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nigʻmatulla Yoʻldoshevning tadbirkorlar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda tadbirkorlik subyektlari, daxldor idora tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Qayd etib oʻtilganidek, mamlakatimiz rahbari gʻoyasi asosida xalq bilan faol, ochiq va oshkora muloqot olib borish, shu kabi uchrashuv va sayyor qabullar jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashning zamonaviy, samarali va taʼsirchan maxanizmiga aylanib bormoqda. Eng ahamiyatlisi, bu yangi tizim huddi shunday koʻrinishda hech bir mamlakatda uchramaydi.

Biroq imkoniyatlar qatorida tadbirkorlik faoliyatida uchrayotgan ayrim muammolarga ham koʻz yumib boʻlmaydi. Uchrashuv chogʻida viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan ishbilarmonlar oʻzlarini qiynayotgan muammolar va talab va takliflar bilan Bosh prokurorga yuzlandilar.

Murojaatlarning aksariyatida kommunal sohani yaxshilash, eksportni rivojlantirish, kredit rasmiylashtirishdagi ortiqcha sansolorliklar, kanalizatsiya va suv tarmoqlarini tortish, yer-mulkdan foydalanishning huquqiy asoslari, issiqxonalar barpo etish, turizmni rivojlantirish va boshqa masalalar aks etdi. Daxldor idoralar ishtirokida koʻplab tadbirkorlarning muammolariga shu yerning oʻzida yechim topildi, tegishli maslahat va tavsiyalar berildi.

– 2018-yilda tashkil etilgan “Ahmad al-Fargʻoniy” nodavlat taʼlim muassasamiz yosh avlodni yetuk qilib tarbiyalashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan, – deydi Oltiariq tumanidan tashrif buyurgan tadbirkor, ushbu muassasa rahbari Umidaxon Mirzohidova. – Xorijiy tillarga ixtisoslashgan oʻquv dargohimiz hozirda 360 nafar oʻquvchini oʻqitish salohiyatiga ega. Bugungi uchrashuvda davlat xususiy sherikchiligi asosida muassasamiz uchun boʻsh bino ajratilishini soʻradim. Bizga tumanda faoliyati tugatilayotgan kollej binolaridan biri ajratib beriladigan boʻldi. Bu esa faoliyatimizni yanada kengaytirishimizda amaliy yordam boʻladi.

– Mamlakatimiz toʻrt faslda ham turistlarni qabul qilish imkoniga ega. Biroq buning uchun turistik hududlarda qulay sharoitlar, infratuzilmani rivojlantirish zarur, – deydi “Shohimardon kemping servis” MCHJ rahbari Hojiakbar Komilov. – Bizning dam olish maskanimiz bir kunda oʻrtacha 72 sayyohni qabul qila oladi. Lekin biz foydalanayotgan joyning qisqa muddatga ijaraga berilgani investitsiya jalb etishimizga toʻla imkon bermayapti. Bugungi uchrashuvda ushbu murojaatimiz ijobiy hal etiildi. Turizm direksiya tomonidan ijara muddati 3 yil muddatga uzaytirildi. Murojaatim ijobiy yechim topganidan xursandman, tashkilotchilarga rahmat.

Shu kuni 30 dan ortiq tadbirkorlarga amaliy yordam koʻrsatildi, tavsiya va takliflar oʻrtoqlashildi.

Elyorjon EHSONOV, 
“Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?