Bosh prokuraturada “14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi

15:21 14 Yanvar 2020 Jamiyat
199 0

“14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan Bosh prokuraturada bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

Unda Bosh prokuratura rahbariyati va xodimlari hamda Harbiy prokuratura xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yoʻldoshev kirish soʻzi bilan ochib, muhtaram Prezidentimiz – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini taʼminlash, xalqimizning osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir boʻlgan milliy armiyani shakllantirish, Qurolli Kuchlarni tezkor boshqarishning zamonaviy tizimini yaratish,

harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, umuman, mudofaa qobiliyatini mustahkamlash boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirilayotganligini alohida taʼkidladi.

Shuningdek, tadbirda prokuratura organlari tomonidan Qurolli Kuchlarda qonun ustuvorligini taʼminlash, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalib oʻtildi.

Xususan, oʻtgan yilda Harbiy prokuratura organlari tomonidan mingdan ortiq prokuror nazorati hujjatlari qoʻllanilib, 9.027 nafar fuqaroning huquqlari tiklanganligi, 258 ta noqonuniy hujjatlar prokurorlarning protestlari asosida qonunga muvofiqlashtirilganligi, tekshirishlar va jinoyat ishlari tergovi davomida 80 mlrd. soʻmdan ortiq zararning qoplanganligi aytib oʻtildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 10.01.2020-yildagi Farmoniga asosan mukofotlangan Harbiy prokuratura boʻlim boshligʻi Shuxrat Sanayevga “Shuhrat” medali topshirildi.

Shuningdek, tadbirda Qurolli Kuchlarda qonun ustuvorligini taʼminlashda alohida namuna koʻrsatgan, xizmat vazifalarini sidqidildan bajargan bir guruh harbiy prokuratura xodimlari ragʻbatlantirildilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?