Bosh prokuratura Jahongir Ortiqxoʻjayev boʻyicha bayonot berdi

10:33 27 Noyabr 2019 Jamiyat
1227 0

Joriy yilning 16-noyabr kuni Internet nashrlarida Toshkent shahar hokimi, senator J.Ortiqxoʻjayevga tegishli hamda haqorat, tahdid mazmunidagi audioyozuv tarqaldi.

Mazkur holat ommaviy axborot vositalari, blogerlar, siyosiy partiyalar, eng achinarlisi, ayrim xorijiy ekspertlar hamda xalqaro tashkilotlarning keskin tanqidiy muhokamalariga sabab boʻldi.

Bosh prokuratura tomonidan mazkur holatga huquqiy baho berish maqsadida JPKning 329-moddasiga asosan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazildi.

Aniqlanishicha, joriy yilning 14-avgust kuni “Kun.uz” tahririyatiga “Xiva stroy” MCHJ rahbarining bajarilgan qurilish ishlari uchun buyurtmachidan pul undirishga oid murojaatini oʻrganish maqsadida mazkur tahririyat muxbiri R.Isroilov va operatori Sh.Egamberdiyevlar Olmazor tuman hokimligiga borishgan.

Tuman hokimi oʻrinbosari A.Vaxabov davlat xizmatchisi boʻla turib, tegishli odob-axloq qoidalariga zid ravishda R.Isroilovga tushuntirish berishdan bosh tortgan, ular bilan qoʻpol munosabatda boʻlgan hamda operatorning videotasvirga olishiga qarshilik koʻrsatgan.

Mazkur voqeaning ertasiga “Kun.uz” tahririyati ushbu videolavhani oʻz saytida eʼlon qilgan va bu keng muhokamalarga sabab boʻlgan.

Shu kuni kechqurun Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxoʻjayevning vaziyatni yumshatish va murosaga kelish toʻgʻrisidagi topshirigʻiga asosan shahar hokimligining Axborot xizmati rahbari L.Sabirova, tuman hokimi oʻrinbosari A.Vaxabovlar tahririyat vakillari B.Axmedov, R.Isroilov va Sh.Egamberdiyevlar bilan shahar hokimligi binosida uchrashishgan.

Unda A.Vaxabov nojoʻya harakatlarga yoʻl qoʻyganligini tan olgan va tahririyat xodimlaridan uzr soʻragan. Biroq, bu holat tahririyat xodimlarini qoniqtirmagan.

Uchrashuv yakun topgach, muloqot ishtirokchilari binoning yoʻlagida J.Ortiqxoʻjayevga tasodifan duch kelishadi. L.Sabirova J.Ortiqxoʻjayevga boʻlib oʻtgan suhbat haqida maʼlumot berib, “Kun.uz” xodimlari A.Vaxabovning uzridan qanoatlanmaganligini bayon qilgan.

Shunda J.Ortiqxoʻjayev ular bilan muloqotda muomala madaniyatidan chetga chiqqan holda, internet nashrlariga nisbatan oʻzining salbiy munosabatini ifodalab, goʻyoki ularni sharmandali vaziyatlarga tushirish imkoniyatiga egaligini, lekin u bunday tarbiyalanmaganligi va buni xohlamasligini bildirgan.

Ushbu jarayonni “Kun.uz” muxbiri B.Axmedov “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga zid ravishda, uchrashuv ishtirokchilarini ogohlantirmasdan telefoniga xufyona yozib olgan va tahririyatga taqdim etgan. 

Oʻz navbatida, tahririyat tomonidan noqonuniy yoʻl bilan olingan axborot yoʻq qilinmagan. Oqibatda 2019-yil 16-noyabrda hokim J.Ortiqxoʻjayevni obroʻsizlantirish maqsadida audioyozuvning nojoʻya soʻzlardan iborat bir yarim daqiqalik qismi (uchrashuv ikki soat davom etgan) montaj qilinib, nomaʼlum shaxs tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan.

Bu holat oʻz navbatida ommaviy axborot vositalarida keng muhokama boʻlishiga sabab boʻlgan.

“Kun.uz” tahririyati oʻz aybini anglagan holda, haqiqiy holatni maʼlum qilish uchun audioyozuvning J.Ortiqxoʻjayevga tegishli qismini toʻliq eʼlon qilgan.

Tergovoldi tekshiruvida aniqlanishicha, J.Ortiqxoʻjayev davlat hokimiyati va boshqaruvi organi mansabdor shaxsi boʻla turib, davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalariga rioya qilmasdan, haqoratli va qoʻpol soʻzlarni ishlatgan.

Biroq, uning nojoʻya soʻzlari umumiy tarzda aytilgani, muayyan shaxsga qaratilmaganligi, real tahdid yoʻqligi bois, J.Ortiqxoʻjayevning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emas.

Shu sababli JPKning 83-moddasi 2-qismiga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad qilish haqida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, “Kun.uz” tahririyati xodimlari J.Ortiqxoʻjayevga nisbatan daʼvo yoki eʼtirozlari yoʻqligini bayon qilishdi.

Lekin J.Ortiqxoʻjayev Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari”ni buzganligini inobatga olib, uning intizomiy javobgarligi masalasini koʻrib chiqish uchun Hukumatga murojaat qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?