Bosh prokuratura Toshkentda topilgan yirik miqdordagi xazina boʻyicha yangi maʼlumotlarni oshkor qildi

18:00 22 Fevral 2019 Jamiyat
1000 0

Bosh prokuratura Toshkent shahrida qiymati 1 million AQSH dollariga teng tarixiy qimmatbaho buyumlar topilganligi boʻyicha maʼlumot berdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

19-yanvar kuni Milliy universitetining 4-bosqich talabasi Muhammadbobur Yusupov Toshkent shahrida qiymati 1 million AQSH dollarga teng boʻlgan tarixiy qimmatbaho buyumlar topilgani haqida xabar bergandi.

Maʼlum boʻlishicha, keltirilgan topilmalarning aksariyati XIX asrga mansub boʻlib, ularning deyarli barchasi Oʻzbekiston Milliy universitetining muzeyi xodimi Muhammadbobur Yusupov tomonidan soʻnggi 2-3 yil davomida universitetdagi professor olimlardan muzey uchun olingan, ushbu ashyolarda ularning universitetga tegishliligini tasdiqlovchi muhrlar mavjudligi hamda keltirilgan 8 kg oltin esa haqiqatda topilmaganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, Muhammadbobur Yusupov 2018-yilda Bosh vazir Abdulla Aripovga murojaat qilib, Toshkent davlat yuridik universiteti (oldingi ODO binosi yertoʻlasida) va Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti yertoʻlasida tarixiy boyliklar mavjudligini maʼlum qilgan. Uning murojaatidan soʻng ishchi guruh tuzilib obyektlarda arxeologik qidiruv ishlari olib borilgan. Biroq oʻrganish natijasida tarixiy boyliklar topilmagan.

Oʻzbekiston Milliy universiteti rahbariyati 25-yanvarda Muhammadbobur Yusupov bilan suhbat oʻtkazgan. Ushbu suhbatda Muhammadbobur Yusupov Romanovlar sulolasiga tegishli boʻlgan tarixiy boyliklar joylashgan joyning xaritasi borligi va bu haqdagi maʼlumotlarni faqatgina Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yoki Bosh vazir Abdulla Aripovga taqdim qilishini bildirgan.

Yuqorida qayd etilgan obyektlarda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ham oʻrganish oʻtkazilgan, biroq biror-bir tarixiy ahamiyat kasb etuvchi boyliklar topilmagan.

Oʻzbekiston Milliy universiteti tomonidan 2019-yilning 25-yanvarida 17 turdagi topilmalar Qimmatbaho metallar agentligiga vaqtincha saqlovga topshirilgan. Hozirgi paytda ularning tarixiyligi va haqiqiy qiymati oʻrganilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?