Bosh prokuratura tomonidan inson huquqlarini yanada himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi

14:42 24 Yanvar 2020 Jamiyat
583 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Bosh prokuratura tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihada quyidagi protsessual harakatlarni amalga oshirishda videoyozuvdan foydalanish majburiyligini belgilash nazarda tutilgan:

1) gumonlanuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining himoyachidan voz kechish jarayoni;

2) shaxsni ushlash jarayoni;

3) shaxsni ushlash jarayonida oʻtkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qoʻyish.

Yuqoridagi jarayonlar videoyozuv orqali qayd etilganligi haqida tegishli bayonnomaga yozib qoʻyiladi hamda unga videoyozuv materiallari ilova qilinadi.

Shaxsni ushlash jarayonida videoyozuvni qoʻllash imkonini bermaydigan kechiktirib boʻlmaydigan hollardagina (jinoyat sodir etilgan joyda shaxsni ushlash, qidiruvda yurgan shaxsni ushlash va boshqalar) protsessual harakatlarni videoyozuv orqali qayd etmasdan oʻtkazishga yoʻl qoʻyilishi mumkinligini belgilash taklif qilinmoqda.

Biroq, bunday holatlarda ham ushlangan shaxs davlat organi binosiga olib kelinganidan soʻng uning huquqlarini videoyozuvga qayd qilgan holda tushuntirish majburiyati belgilanmoqda.

Bundan tashqari, loyiha bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari zimmasiga ular tomonidan shaxs ushlanganidan soʻng uning ushlangani va ushlab turilgan joyi toʻgʻrisida ushbu shaxsning oila aʼzolaridan biriga, ular boʻlmagan taqdirda esa boshqa qarindoshlariga yoki yaqin kishilariga darhol xabar berish majburiyati yuklatilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?