Bosh prokuratura Oltinsoydagi fuqarolar va IIB xodimlari oʻrtasidagi janjal boʻyicha bayonot berdi

17:29 16 Fevral 2020 Jamiyat
298 0

Foto: uzbprokuratura

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida fuqarolar va IIB xodimlari oʻrtasida yuzaga kelgan ziddiyatli vaziyat haqidagi xabarlar tarqaldi. Bugun ushbu holatga Bosh prokuratura izoh berdi.

Prokuratura organlari tomonidan yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish va egallab olishning oldini olish boʻyicha monitoring oʻtkazilmoqda.

Surxondaryo viloyati, Oltinsoy tumanida oʻtkazilgan monitoring davomida “Oq-oltin manzarasi” fermer xoʻjaligiga qarashli paxta va gʻallaga moʻljallangan ekin yer maydonining jami 0.39 gektari 6 nafar fuqarolar tomonidan oʻzboshimchalik bilan noqonuniy ravishda egallab olinganligi, 235.35 kv.m. maydonida esa yashash imkoniyati mavjud boʻlmagan uy-joy binolari qurib olinganligi aniqlangan.

Holat boʻyicha 2020-yil 8-fevral kuni ishchi guruh aʼzolari: tuman hokimi, prokurori, IIB boshligʻi, yer resurslari va davlat kadastr boʻlimi boshligʻi va boshqalar tomonidan noqonuniy qurilish qilgan fuqarolarga ushbu yer maydoni fermer xoʻjaligi tasarrufida ekanligi maʼlum qilinib, fuqarolarning oʻz hisoblaridan oʻzboshimchalik bilan qurilgan uylarini buzib olishlarini va ularga boshqa manzildan uy qurishlari uchun yer berilishi haqida tushuntirib oʻtilgan.

Noqonuniy ravishda qurilish qilib olgan fuqarolarning iltimosiga asosan ularga oʻzlari hisobidan binolarni buzib olishlari uchun 2 kun muddat berilgan.

2020-yil 14-fevral kuni ishchi guruh aʼzolari yuqorida koʻrsatilgan manzilga borib koʻrilganida, 3 nafar fuqarolar oʻzboshimchalik bilan qurilgan uyga yashash imkoniyati mavjud boʻlmagan boʻlsa-da, koʻchib kirib olganligi aniqlangan.

Ishchi guruh tomonidan noqonuniy qurilgan uy-joylarni buzib olishlari tushuntirilganida, avvaldan toʻplanib turgan fuqarolar hokimiyat vakili va IIB xodimlariga qarshilik koʻrsatishgan.

Noqonuniy qurilgan uylarni buzishni imkoniyati boʻlmaganligi sababli ishchi guruh aʼzolari ortlariga qaytib ketishgan.

Shu kuni soat 15:00 lar chamasida ishchi guruh tomonidan yuqoridagi manzilga borilganda yuqoridagi fuqarolar va ularning qarindoshlari qoʻllarida benzin, tayoq, belkurak, tosh va boshqa narsalar bilan qurollangan holda ishchi guruh oldiga chiqishgan. Ushbu holatda jamoat tinchligini saqlash va vujudga kelishi mumkin boʻlgan tartibsizliklarning oldini olish maqsadida tuman IIB xodimlari jalb qilingan. Hokimiyat vakillari va tuman IIB xodimlari tomonidan tushuntirilishiga qaramasdan fuqarolar hokimiyat vakillari va IIB xodimlariga qoʻllaridagi narsalar bilan tashlanib ketishgan. Noqonuniy ravishda qurilgan uy-joylar ishchi guruh tomonidan buzilishi imkoni boʻlmagan.

Ushbu jarayonda 2 nafar tuman IIB xodimlari hamda 1 nafar fuqaro tan jarohati olgan.

Mazkur holat yuzasidan hozirda Oltinsoy tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?