Bosh prokuratura matbuot xizmati: jinoyatlarni fosh etishga doir faoliyat yuzasidan axborot

22:19 29 Mart 2019 Jamiyat
612 0

Joriy yildan boshlab mamlakatimizda jinoyatchilikni kamaytirish, fuqarolarda qonunga hurmat tuygʻusini kuchaytirish maqsadida Bosh prokuratura tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda qator kompleks choralar hayotga tatbiq etilmoqda. Xususan:

joylarda amaliy yordam koʻrsatish uchun Bosh prokuratura va IIV xodimlari tarkibidan doimiy faoliyat yuritadigan ishchi guruhlar tashkil etildi;

jinoyatlarni tezkor fosh etish boʻyicha hududlarda tajribali xodimlar (ekspertlar, kriminalistlar, tergovchilar)dan iborat ishchi guruhlar tuzildi; 

joriy yilning 1 martidan eʼtiboran elektron jinoiy-huquqiy statistikaga oid yagona axborot tizimi ishga tushirildi;

onlayn rejimda nazorat qilib borish imkonini beruvchi fosh etilmagan jinoyatlarning yagona elektron bazasi yaratildi;

huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan shugʻullanuvchi organlar hamkorligini taʼminlovchi dasturiy ilova yaratildi hamda Navoiy viloyatida sinov tariqasida ishga tushirildi;

qidiruvdagi shaxslar tergov va sud organlariga ixtiyoriy kelgan taqdirda, ehtiyot chorasi oʻzgartirilishi haqida qidirilayotgan shaxslarning qarindoshlari bilan tushuntirishlar ishlari olib borilmoqda.

Koʻrilgan mazkur chora-tadbirlar natijasida joriy yilning ikki oyida bu borada oʻtgan yildagiga nisbatan salmoqli natijalarga erishilgan. Masalan, 2019 yilning dastlabki ikki oyida sodir etilgan jinoyatlar soni 4 246 tagacha kamaygan boʻlib, bu koʻrsatkich 2018 yilning shu davridagiga (5 811 ta) nisbatan 27 foiz pasaygan.

Pirovardida ayni paytda yurtimizda har 100 ming aholiga oʻrtacha 13,3 ta jinoyat toʻgʻri kelmoqda (bu koʻrsatkich Tojikistonda — 40 tani, Ozarbayjonda 44 tani, Moldovada 150 tani, Rossiya Federatsiyasida 225 tani, Qozogʻistonda esa 240 tani tashkil etadi). Jinoyatchilik darajasi ham oʻtgan yildagi 18,1 foizdan joriy yilda 26,5 foiz kamayishiga erishilgan.

Shuningdek, olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida jinoyat sodir etganligi uchun qidirilayotgan shaxslarning 277 nafari ushlandi, 346 ta jinoyat ishi sudlarga yuborildi.

Fosh etilmagan jinoyatlar soni esa (87 ta) oʻtgan yildagi bilan (144 ta) solishtirilganda, 40 foiz kamaydi.

Sodir etilgan barcha qotillik, bosqinchilik, ogʻir tan jarohati yetkazish, nomusga tegish jinoyatlari toʻlaqonli fosh etildi.

Bundan tashqari, jinoyat sodir etgan 93 nafar shaxsning xorijiy davlatlardan ekstraditsiyasi taʼminlandi.

Jinoyatchilikka qarshi kurash jarayonida tubdan yangi tizimlar va yondashuvlarni qoʻllash bu sohada yillar davomida toʻplanib qolgan qator muammo hamda boʻshliqlarni yaqqol aniqlash imkonini yaratmoqda. Bu borada hali koʻp ishlashimiz talab qilinadi.

Lekin, taʼkidlash joizki, garchi hali koʻp fursat oʻtmagan boʻlsa-da, yangi formatda tizimli ish boshlanganligi, mamlakatimizda jinoyatchilikning oldini olish va jinoyatlarni fosh etishga manzilli yondashish oʻz natijalarini bermoqda. Shundan kelib chiqqan holda, mazkur yoʻnalishdagi ishlar izchil davom etyapti.

Surayyo Rahmonova, Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?