Bosh prokuratura davlat tashkilotlari va yirik korxona rahbarlari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha seminar o‘tkazdi

17:32 02 Iyul 2018 Jamiyat
861 0

Bosh prokuratura Akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda “Korporativ sektorda korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirish” mavzusida davlat kompaniyalari rahbarlari uchun seminar o‘tkazildi.

Seminarning maqsadi – davlat kompaniyalari rahbarlarini korrupsiyaning oldini olish tizimi tuzilishi bo‘yicha yetakchi jahon amaliyoti, kompaniyalarda korrupsiyaning oldini olishning samarali tizimini yaratish, shuningdek, korporativ sektorda korrupsiyaga qarshi samarali tizimni qurishning muhim prinsiplari bilan tanishtirishdan iborat.

Tadbirda “O‘zbekneftgaz”, “O‘ztransgaz” “O‘zbekiston temir yo‘llari” “O‘zbektelekom”, “O‘zmetkombinat”, “O‘zbekko‘mir”, “O‘zkimyosanoat” aksionerlik jamiyatlari, “O‘zbekiston milliy banki”, “Xalq banki” tijorat banklari, “Beeline”, “Ucell” mobil aloqa operatorlari, “Nestle” qo‘shma korxonasi va boshqa yirik korxonalarning rahbarlari, shuningdek, korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan prokuratura organlari xodimlari va Akademiya tinglovchilari ishtirok etdi.

Dastur doirasida KPMG xalqaro audit-konsalting kompaniyasi ekspertlari Igor Lebedev, Farrux Abdullaxanov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyihalarni boshqarish milliy agentligi vakillari ma’ruzalar bilan qatnashdilar.

Ma’ruzalar davomida korporativ sektorda korrupsiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashishning prinsiplari, korrupsiyaning oldini olishning hozirgi trendlari va boshqa masalalar haqidagi taqdimotlar namoyish etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?