Bosh prokuratura Dang‘arada soxta prokurorlarni qo‘lga oldi

16:43 09 Iyul 2018 Dunyo
642 0
Illyustrativ foto

Tojikiston bosh prokuraturasi o‘zini prokuratura idoralari xodimi sifatida ko‘rsatib pora evaziga jinoiy javobgarlikdan ozod qilishni yoki prokuraturaga ishga joylashtirishni va’da qilgan fuqarolar bilan bog‘liq bir nechta hodisani fosh qildi.

Tojikiston bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabariga qaraganda, o‘zini prokuror yoki prokuror “odami” deya tanishtirgan bu kishilarning ko‘pchiligi avval sudlangan bo‘lgan. Ularning hammasi qo‘lga olingan.
Masalan, So‘g‘d viloyatida yashovchi Sherali Umarov bundan oldin firibgarlik, hujjatlarni soxtalashtirish kabi ayblar bilan javobgarlikka tortilgan. U o‘zini prokuror deya tanishtirib, bezorilik uchun ushlangan Spitamen tumanilik Oybek Sheraliyevni ozod qilish evaziga 30 ming somoni (3,3 ming dollar) olgan.

Ushbu mamlakatning Dang‘ara tumani G‘arg‘ara qishlog‘ida yashovchi Abdurasul Abdulloyev esa bir kishiga yuqori lavozimli davlat amaldorining qarindoshi va bosh prokuraturadagi muhim xodim bilan tanishligini aytib, u yerga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan va 3 ming AQSH dollari olgan. Ayblanuvchining aybi sudda to‘liq isbotlanib, Abdulloyev 5 yil ozodlikdan mahrum qilindi.

Advokat Xurshed Abdurazzoqov esa Vahdat shahar prokuraturasi bilan aloqasi borligini aytib o‘zi himoya qilayotgan mijozidan pora olgan.

Bosh prokuratura bayonotda bu kabi fuqarolar prokuratura xodimlari sha’ni va libosini badnom qilganini qayd etilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?