Bosh prokuratura: “Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil qilingan idoralararo tezkor-tergov guruhi tomonidan 5 187 ta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat fosh etildi”

08:35 06 Iyun 2018 Siyosat
1326 0

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida prokuratura xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yuldashev sohada olib borilayotgan ishlar yuzasidan quyidagilarni gapirib berdi.

“O‘ylaymanki, bugungi brifing prokuratura organlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida xamkorlikni yanada jonlantirish, jamoat nazoratining samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Xalqimizni qiziqtirayotgan masalalar juda ko‘p. Harakatlar strategiyasida shu yilning o‘zidayoq sud huquq sohasini isloh qilishga oid 45 ta mavzu ko‘zda tutilgan. Ularning mohiyatini, mamlakatdagi yangilanishlarning ajralmas qismi ekanligini xalqimizga tushunarli qilib yetkazib bera olsak, biz ham, siz, matbuot xodimlari ham jamiyat oldidagi burchimizni bajargan bo‘lamiz” dedi u.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi “Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlashda prokuratura organlarining rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan xalq manfaatlariga xizmat qilish prokuratura organlarining ustuvor vazifasi etib belgilandi.

Binobarin, Xalq bilan bevosita muloqot, uning og‘irini yengil qilish, murojaatlarini odilona hal qilish asosiy davlat idoralardan biri bo‘lgan prokuraturaning ustuvor vazifalaridan hisoblanadi. Chunki har bir murojaatga, kimningdir xuquqlari buzilgani yoki kamsitilgani holati sabab bo‘ladi.

Bosh prokuraturaning murojaatlarni qabul qilish markazining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasiga integratsiya qilinganligi fuqarolar tomonidan Virtual qabulxonaga yuborilgan murojaatlarni qisqa muddatda qabul qilish va tezkor hal etish imkonini yaratdi.

Erkin Yuldashevning aytishicha, birgina 2017 yilning o‘zida prokuratura organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali qabul qilingan 144 686 ta murojaat ko‘rib chiqilib, ulardan 138 403 tasining hal etilishi ta’minlandi. Ushbu davrda bevosita prokuratura organlari tomonidan 235 mingdan ziyod fuqarolar qabul qilingan.

Aholi bilan bevosita muloqotni amalga oshirish maqsadida hududlarda sayyor qabullar tashkil etilib, jami 10 mingdan ziyod fuqarolar qabul qilindi. Qabullar jarayonida 2 092 nafar fuqaroning turli huquqiy, ijtimoiy va boshqa muammoli masalalari yuzasidan ijobiy yechim topishga erishildi.

- Voyaga yetmaganlar va yoshlarning huquqlari va manfaatlari muhofazasi masalalari ham prokuraturaning doimiy diqqat markazida bo‘lmoqda. Prokuratura organlari voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar bilan yaqindan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda, dedi Bosh prokuror o‘rinbosari. - Xususan, joriy yil davomida amalga oshirilgan nazorat tadbirlari natijasiga ko‘ra, 2 594 nafar voyaga yetmagan shaxsning ijtimoiy huquqlari tiklanishiga erishildi.

2017 yil 8 avgustda qabul qilingan “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori asosida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joylarda ishlarni tashkil etishning mutlaqo yangi tizimi va shakli joriy etildi.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hududlari tegishlicha hokimlar, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlarga ajratildi.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida aholini ijtimoiy himoya qilish va uning turmush farovonligini oshirish yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Xususan, 69 841 oilaga turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan manzilli yordam ko‘rsatildi, ishi to‘xtab qolgan 4 539 ta tadbirkorlik subyektining faoliyati qayta tiklandi, 10 841 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, 11 015 nafar tadbirkorga huquqiy yordam ko‘rsatildi, 91,4 ming nafar tadbirkorlar to‘lov terminallari bilan ta’minlandi.

Bundan tashqari, 2017 yilda aholi bandligini ta’minlash va ish o‘rinlari yaratish Dasturini ijro etish yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida, ayniqsa, kollej bitiruvchilarining ish bilan ta’minlanishi, bu sohaga oid hisobotlarning haqqoniyligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan 10 571 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi hamda 9 292 nafar shaxsning huquqlari tiklandi.

Erkin Yuldashev jinoyatchilikka qarshi kurashda eng asosiy vazifa bo‘lgan jinoyatlarni barvaqt oldini olishning samarali choralari xususida ham to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 martdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil qilingan idoralararo tezkor-tergov guruhi tomonidan 5 187 ta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat fosh etildi, o‘ndan ortiq bosqinchilik, talonchilik va o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir etgan jinoiy guruhlarning faoliyatiga chek qo‘yildi.

Uzoq vaqt mobaynida ochilmay kelayotgan 25 ta jinoyat ishi, shu jumladan, sodir etgan shaxs noma’lumligi sababli ish yurituvdan to‘xtatib qo‘yilgan 7 ta jinoyat ishi qayta tiklanib, ishga aloqador bo‘lgan shaxslar fosh etilib, aybdorlarga nisbatan jazoning muqarrarligi ta’minlandi. Qidiruvda bo‘lgan 5 789 nafar shaxs ushlandi, ayblanuvchilardan 271 mlrd. 8 mln. so‘m miqdoridagi zarar ixtiyoriy ravishda qoplanishiga erishildi.

Prokuratura organlari tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklar profilaktikasi, tezkor-qidiruv va tergov faoliyati sohasini muvofiqlashtirish borasida surishtiruv va dastlabki tergov organlarining 11 715 ta qarori bekor qilindi, zarur protsessual harakatlarni amalga oshirish to‘g‘risida 58 436 ta yozma ko‘rsatma berildi.

Eng muhimi, 2017 yil va joriy yilning 4 oyida aybsiz bo‘lgan 434 nafar fuqaro sudlar tomonidan oqlandi. Bu sud protsesslarida prokurorlarimiz qatnashib, ilgari chiqarilgan asossiz sud hukmlarini bekor qilib oqlov hukmi chiqarish lozimligi to‘g‘risida fikr bildirishmoqda, protestlar kiritishmoqda.

Umuman olganda, fuqarolarning huquq va erkinliklari, davlat va jamiyatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoyasini ta’minlash borasida118 200 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi, 155 643 nafar shaxsning huquqlari tiklandi. Qonun talablariga xilof bo‘lgan 9 339 ta hujjat bekor qilinib, 18 527 tasi qonunga muvofiqlashtirildi, huquqbuzarliklarni keltirib chiqargan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish borasida 22 800 ta taqdimnoma kiritildi, qo‘pol qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 3 164 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Shu tariqa ko‘plab fuqarolarimizning buzilgan huquqlari tiklandi, ularning adolat qaror topishiga bo‘lgan ishonchi mustahkamlandi.

Shu vazifalarni yanada samarali bo‘lishini ta’minlash maqsadida, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan prokuratura organlari faoliyatini yanada takomillashtirildi.

Prezidentimizning 2017 yil 14 noyabrdagi “Prokuratura organlarining axborot-tahlil faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Bosh prokuraturasi huzurida eng yangi axborot texnologiyalari va raqamli uskunalar bilan jihozlangan Axborot-tahlil multimedia markazi tashkil etildi.

Bundan tashqari, Yurtboshimiz Farmoni bilan Bosh prokuratura huzurida Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tuzildi, Bosh prokuratura Akademiyasi tashkil etildi, Departamentning faoliyati tubdan takomillashtirildi hamda O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasining bayrog‘i va emblemasi tasdiqlandi, xodimlarning ijtimoiy muhofazasini yanada kuchaytirish choralari ko‘rildi.

Brifing davomida Bosh prokuror o‘rinbosari va boshqa mutasaddilar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?