Bosh prokuratura akademiyasi magistraturaga hujjat qabul qilishni boshladi

15:25 18 Iyul 2019 Jamiyat
318 0

2019/2020 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga abituriyentlar qabul qilinadi.

Magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlash oʻqitishning amaliy xususiyatiga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bogʻliqlikka tayangan holda amalga oshiriladi.

Akademiya magistraturasiga abituriyentlarni qabul qilish teng huquqlilik, qabul va tanlovning yagona qoidalari asosida amalga oshiriladi. Magistraturaga tanlov “yurisprudensiya” mutaxassisligi boʻyicha oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar orasida oʻtkaziladi. Shuningdek, prokuratura organlari xodimlari, shu jumladan amaldagi kadrlar zaxirasidagi xodimlar tanlovda ishtirok etishi mumkin.

Akademiya magistraturasining “korrupsiyaga qarshi kurashish”, “prokurorlik faoliyati” va “tergov faoliyati” yoʻnalishlari boʻyicha 2019/2020 oʻquv yiliga jami 30 ta, shu jumladan 18 ta davlat granti va 12 ta toʻlov kontrakti asosida qabul kvotasi tasdiqlangan boʻlib, shundan:

– prokuratura organlari xodimlari uchun – 15 ta (har bir yoʻnalish boʻyicha 5 tadan);

– ochiq tanlov boʻyicha – 15 ta, shu jumladan davlat granti asosida 3 ta (har bir yoʻnalishda 1 tadan) va toʻlov kontrakti asosida 12 ta.

Ochiq tanlov boʻyicha davlat granti asosida qabul qilingan nomzodlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartib va miqdorda har oylik stipendiya toʻlanadi.

Kirish imtihonlari 20-avgust – 10-sentyabr oraligʻida mutaxassislik fanlari va chet tili fanidan yozma imtihon, shuningdek suhbat tarzida oʻtkaziladi.

Mutaxassislik fanlari boʻyicha yozma imtihon va suhbat jinoyat huquqi, jinoyat-protsessual huquqi, konstitutsiyaviy huquq, davlat va huquq nazariyasi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar fanlaridan kazuslar va savollar hamda huquq fanlaridan essedan iborat boʻladi.

Chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi V2 va undan yuqori darajadagi davlat malaka sertifikatiga yoki xalqaro sertifikatlardan CEFR (Common European Framework of Reference) boʻyicha V2, IELTS (International English Language Testing System) boʻyicha 5.5 ball, TOEFL (Test of English as a Foreign Language) boʻyicha 72 balldan kam boʻlmagan ballga ega nomzodlar chet tili fani boʻyicha imtihonni topshirishdan ozod qilinadilar. Ularga eng yuqori ball (50 ball) qoʻshiladi.

Akademiya magistraturasida oʻqish davomiyligi – 1 yil.

Oʻqish jarayonida ijobiy natijalarga erishgan Akademiya magistraturasi bitiruvchilari prokuratura organlariga xizmatga qabul qilishga tavsiya qilinadilar.

Akademiya magistrlari Akademiya doktoranturasida yoki mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanib, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Bosh prokuratura Akademiyasida magistratura yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim jarayoni oʻqitishning samarali zamonaviy pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan tarzda amalga oshiriladi.

Taʼlim jarayonini yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari amaliyotida oʻzini oqlagan qulay va samarali usul – akademik kredit tizimi asosida tashkil etish rejalashtirilgan.

Akademiyada taʼlim jarayonining asosini oʻqitishning zamonaviy interfaol shakl va usullarini qoʻllagan holda amaliyotga yoʻnaltirilgan, kompetensiyaviy yondashuv tashkil etadi. Taʼlim sifatini baholash maqsadida doimiy monitoring joriy etiladi.

Akademiyada sud jarayoni imitatsiyasi, hodisa sodir boʻlgan joyni koʻzdan kechirish hamda boshqa amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish imkonini beruvchi maxsus oʻquv xonalari jihozlangan.

Tinglovchilarda tergov hamda tezkor-qidiruv faoliyatini oʻtkazish boʻyicha maxsus koʻnikmalarni shakllantirish maqsadida tizimli ravishda vaziyatli oʻquv mashgʻulotlari tashkil etiladi.

Akademiya til oʻrgatish kafedrasi tomonidan ingliz tilini yuridik maqsadlarda chuqur oʻrgatish yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, mashgʻulotlar xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda oʻtkaziladi. Shuningdek, Akademiyadagi “Discussion club” doirasida jamiyatdagi huquqiy muammolarni ona tilisi ingliz tili boʻlgan xorijiy ekspertlar ishtirokida muhokama qilish orqali tinglovchilarda yuridik ingliz tilini qoʻllash koʻnikmalari mustahkamlab kelinmoqda. Bosh prokuratura Akademiyasi dunyoning 30 ga yaqin yetakchi taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik munosabatlarini oʻrnatgan boʻlib, tinglovchilar oʻzaro almashinuvi dasturlarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan. Unga koʻra, magistratura tinglovchilari xorijiy davlatlar oliy taʼlim muassasalarida stajirovka oʻtish va tajriba almashish imkoniyatiga ega. Shuningdek, oʻquv jarayoniga Akademiya professor-oʻqituvchilari bilan bir qatorda nufuzli xorijiy taʼlim muassasalari ekspertlari hamda professor-oʻqituvchilari jalb qilinadi.

Magistraturaga nomzodlar joriy yil 10-iyun – 10-avgust kunlari davomida doimiy yoki vaqtincha yashash manzili boʻyicha Akademiya qabul komissiyasi aʼzolari – prokuratura organlarining kadrlar tarmoqlariga hujjat topshirishlari mumkin.

Qoʻshmcha maʼlumotlarni (71) 202-04-96 (1775) raqami orqali bogʻlangan holda olishingiz mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?