“Shavkat Mirziyoyev — bosh islohotchi”

17:31 27 Avgust 2018 Siyosat
954 0

“BRICS Business Magazine” jurnalining ingliz tilida chop etiladigan nashri muqovasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning fotosurati bilan “Bosh islohotchi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi.

Global investorlar, ishbilarmonlar, siyosatchilar va ekspert jamoatchiligiga moʻljallangan jurnalda, shuningdek, rus tilida “Karvon bormoqda” nomli tahririyat maqolasi bosildi. Ushbu material Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatni keng modernizatsiya yoʻliga olib chiqish maqsadida eʼlon qilingan islohotlariga bagʻishlanadi.

Xususan, maqolaning islohotlarning hozirgi holatiga tegishli qismida Shavkat Mirziyoyev prezidentligining boshidan hukumat kun tartibiga liberal islohotlarni qaytargani, binobarin, ilgari surilgan oʻzgarishlar Oʻzbekiston hayotining barcha sohalariga daxldor boʻlishi taʼkidlangan. Ular ijtimoiy hayot, hokimiyat tuzilmasi va mamlakat iqtisodiyotini yanada moslashuvchan, zamonaviy va samarali qilgan holda yangilashi kerak. Islohotlar Qurolli Kuchlar, shuningdek, huquq-tartibot tuzilmalari faoliyatiga ham taalluqli boʻldi.

Oʻtgan yil sentyabr oyidan valyuta tartibini liberallashtirish boshlandi. Jumladan, valyutani erkin konvertatsiya qilishga ruxsat berildi: aholi birinchi marta mahalliy banklardan dollar sotib olish va sotish imkoniyatiga ega boʻldi.

Hokimiyat davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilmoqchi. Chunonchi, yanvar oyida elektron hukumatni rivojlantirishning uch yillik strategiyasi ishlab chiqilishi eʼlon qilindi, 1 sentyabrgacha esa kriptovalyuta aylanmasi uchun huquqiy baza tayyor boʻlishi koʻzda tutilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu boʻyicha tegishli qarori fevral oyida imzolangan edi.

Nihoyat, iqtisodiyotda davlat kompaniyalari faoliyati samaradorligini oshirish, qolaversa, mamlakatda biznes yuritish sharoitini yaxshilashga yoʻnaltirilgan islohotlarning keng turkumi hayotga tatbiq etildi. Avtomobilsozlik kompleksini isloh qilish alohida nazarda tutilyapti. Maqsad — ishlab chiqarish hajmi va mahalliylashtirish darajasini yuksaltirishdir.

Diqqatga sazovor jihati shundaki, deb yoziladi jurnalda, Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotni jonlantirish uchun Oʻzbekiston siyosatining oʻtmishdagi uchta asosiy tamoyili (davlatning dunyoviy xarakteri va koʻp tomonlama bloklarda ishtirok etmaslik bilan birgalikda)dan biri — faqat oʻz xususiy resurslariga tayanish tamoyilidan deyarli voz kechdi. Prezident topshirigʻi bilan sarmoyadorlar huquq va manfaatlari ishonchli himoyasini taʼminlashga qaratilgan yangi investitsiyaviy qonunchilikni ishlab chiqish boshlandi. Yaqin kunlar ichida mamlakatda Investitsiyaviy kodeks paydo boʻlishi lozim. 2017 yil mart oyida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasini tashkil etish boʻyicha Farmon imzolandi.

Maqolada qayd etilishicha, olib borilayotgan ishlar samaralari allaqachon koʻzga tashlanmoqda. Jumladan, Oʻzbekistonga xorij investitsiyasi oqimining uzoq yillik pasayish tendensiyasiga barham berishning uddasidan chiqildi. Vaholanki, 2016 yilgacha oxirgi besh yilda ular qariyb yarmiga, 3,3 milliard dollardan 1,9 milliard dollargacha qisqarib ketgandi. Mazkur maʼlumotlar oʻtgan yil noyabr oyida Toshkentda investitsion iqlimni takomillashtirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro davra suhbatida aytib oʻtilgandi. “2017 yilgacha Oʻzbekistonni ichki resurslariga kuchli bogʻlanib qolishi natijasida investitsiya masalalarida konservativ yoʻlga tushib qolgan mamlakat sifatida taʼriflash mumkin edi. Bu bizning amaliyot eskirishiga olib keldi. Bundan tashqari, davlat oʻzaro maʼlumot almashish mexanizmining yoʻqligi sababli sarmoyadorlar muammolaridan yetarli darajada xabardor emasdi”, deya Oʻzbekiston Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi rahbariyati fikri keltirib oʻtiladi. Oʻshandan buyon manzara oʻzgardi. Bularning barchasi hanuzgacha nisbatan past samarador qishloq xoʻjaligi sezilarli ulushni egallab kelayotgan oʻzbek iqtisodiyotini tuzilmaviy qayta qurishda yordam berishi kerak. “Shubhasiz, Oʻzbekistonga juda kuchli modernizatsiya zarur, chunki Oʻzbekiston — birinchi navbatda agrosanoat ishlab chiqarish demakdir. Lekin mamlakat ravnaq topishi uchun unga yuqori mahsuldor ishlab chiqarishlar darkor. Shunchaki meva-sabzavotlar emas, tayyor mahsulotni qayta ishlovchi va yetkazib beruvchi korxonalar”, deydi RFAning Markaziy Osiyo, Kavkaz va Ural-Volga boʻyini oʻrganish markazi ilmiy xodimi Igor Savin.

Hukumat rejasi boʻyicha islohotlar aynan mana shunday samaraga, yaʼni, Oʻzbekiston iqtisodiyotida xizmatlar va zamonaviy ishlab chiqarish hissasi ortishi lozim. Bu nafaqat oʻsishga turtki beradi, balki yangi ish oʻrinlari yaratilishiga olib keladi.

Oʻzbekistonda liberal islohotlar endi tez surʼat olmoqda. Ekspertlar bu borada yakdil: hokimiyat “shok terapiyasi”ga oʻxshash holatlarga yoʻl qoʻymaydi, aksincha, aholi uchun ommabop boʻlmagan chora-tadbirlar asoratlarini yumshatgan holda bu yoʻldan ehtiyotkorlik bilan harakat qiladi. Masalan, bu oʻtgan yil sentyabr oyida soʻm devalvatsiyasi hodisasida kuzatildi. Milliy valyuta kursi tashqi konʼyunktura bosimi ostida bir kunda qariyb ikki barobar, 1 dollar uchun 4210 soʻmdan 8100 soʻmgacha pasaytirilgan edi. Boz ustiga, hukumat oʻshanda aholining eng kam taʼminlangan qatlamiga tushadigan ogʻirlikni sezilarli darajada yumshatgan holda asosiy mahsulotlar narxi jiddiy “sakrab” ketishiga yoʻl qoʻymaslik uchun barcha chorani koʻrgandi.

Bunday yondashuv islohotlar borishini sekinlashtiradi, biroq ijtimoiy beqarorlikning oldini oladi. Eʼtirof etilishicha, bunday yondashuv toʻla oʻzini oqlaydi.

“Bunday sokinlik koʻpincha hukumatga nisbatan tanqid uygʻotadi. Koʻplab, ayniqsa, tashqi kuzatuvchilar Shavkat Mirziyoyevdan iqtisodiyot va hatto siyosiy tizimni qayta qurish boʻyicha qandaydir keskin qadamlarni kutgandi hamda kutishda davom etyapti. Lekin bu Oʻzbekiston anʼanasiga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi. Bunday koʻrinishdagi tezkorlik oʻzbekona uslub emas”, deydi MDH mamlakatlari instituti Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston boʻlimi mudiri Andrey Grozin.

Nima boʻlgan taqdirda ham, deya xulosa qiladi nashr, bir narsa aniq: Oʻzbekiston karvon kabi allaqachon yoʻlda, balki uncha tez emasdir, lekin belgilangan manzil sari mashaqqatlar va yonida kelayotgan shovqin-suronga qaramay ishonch bilan bormoqda.

Bizning maʼlumot: “BRICS Business Magazine” — ishbilarmonlik va gumanitar nashr. BRIKS sammitidan tortib, Peterburg xalqaro iqtisodiy forumigacha boʻlgan yirik iqtisodiy voqealarga toʻgʻri kelgan paytda yilda toʻrt marta chiqadi. Uning taʼsischilari fikricha, “asta-sekin oʻqishga moʻljallangan jurnal”. Iqtisodchilar, siyosatchilar, siyosiy arboblar, global investorlar va ekspertlar mazkur nashr auditoriyasi hisoblanadi. Jurnal ingliz va rus tillarida chop etiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?