Bosh gʻoya – inson huquq va erkinliklarini, adolatni taʼminlash

11:00 24 Sentyabr 2020 Siyosat
263 0

Bugungi pandemik vaziyat dunyoning eng yirik siyosiy uyushmasi faoliyatiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmadi. Garchi yil avvalida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi tantanali ruhda oʻtkazilishi koʻzda tutilgan boʻlsa-da, kutilmaganda dunyo miqyosida yuzaga kelgan favqulodda vaziyat tufayli onlayn shaklda tashkil etildi. Tabiiyki, kun tartibidagi asosiy masala ham dunyo hamjamiyatini oʻylantirayotgan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash va u keltirib chiqargan, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy muammolarni bartaraf etish boʻldi.

Ushbu yubiley sessiyaning biz uchun yana bir tarixiy ahamiyati uning eng yuqori minbaridan ilk marotaba ona tilimiz – oʻzbek tilida nutq soʻzlanishidir! Albatta, bu voqelikdan har qancha faxrlanib-gʻururlansak arziydi. Kamina ham shunday koʻtarinki hissiyotlar qurshovida maʼruzani tinglar ekanman, uning asosiy qismi doimgidek, muhim tashabbuslardan iborat boʻlgani eʼtiborimni tortdi.

Jumladan, pandemiya oqibatlaridan kelib chiqqan holda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maqomi va salohiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish taklifi oʻrtaga tashlandi. Buning bosh maqsadi esa “har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini taʼminlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratish” tamoyili butun afkor ommasini befarq qoldirmasligi aniq. Eʼtibor bering: adolatli global tizim. Insoniyatning necha asrlik orzusi emasmi bu!

Pandemiya saboqlarini toʻgʻri anglagan holda davlatimiz rahbari tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish gʻoyasi ham ushbu illatga yolgʻiz kurashib boʻlmasligining ifodasi sifatida yangradi. Zero, mazkur hujjatda har bir davlatning oʻz fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozim.

Maʼruzada ilgari surilgan tashabbuslarni birma-bir tahlil etsak, uning markazida inson va uning huquqlari turganligini koʻrishimiz mumkin. Albatta, bu mamlakatimizda soʻnggi yillarda ushbu yoʻnalishda amalga oshirilgan islohotlar, yaʼni sudlar mustaqilligini taʼminlanayotgani, korrupsiyaga qarshi kurash agentligining tashkil etilgani, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga chek qoʻyilgani, aholi va siyosiy partiyalar faolligi oshgani kabi islohotlarimiz haqida fikrlarni tasdiqlovchi eng asosiy asos boʻlib xizmat qildi.

Prezidentimiz mazkur nutqi bilan nafaqat Oʻzbekiston uchun, balki dunyo hamjamiyati uchun taraqqiyotga xizmat qiluvchi gʻoyalar tashabbuskori, novator sifatida yana bir bor gavdalandi.

Bugunga kelib, Davlatimiz rahbarining 2017-yilda BMT minbaridan turib Oʻzbekiston va xalqaro hamjamiyat borasida bildirgan tashabbuslarining aksariyati hayotga tatbiq etilgani nutqda birma-bir asoslantirilgani, hamjamiyat vakillarining ushbu maʼruzaga eʼtiborini ikki karra oshirgani ham ayni haqiqat.

“Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi inson huquqlarini taʼminlash boʻyicha dunyo parlamentariylarining oʻrnini oshirishi tabiiy. Bu jarayonda jamiyatda inson huquqlarini, adolatni taʼminlash boʻyicha qonun ijodkorligi yoʻnalishida parlament aʼzolari uchun oʻzaro tajriba almashish imkoniyati yaratiladi. Albatta, Prezidentimiz boshchiligidagi islohotlar natijasi oʻlaroq mamlakatimiz parlamentida ham inson huquqlariga oid qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha yaxshigina tajriba shakllanganini ham qayd etish joiz. Oʻtgan toʻrt yillik davr mobaynida deputatlarimiz tomonidan mazkur yoʻnalishda 100 dan ortiq qonun qabul qilinishga erishildi. Ayni shu jihat ham davlatimiz siyosatining asosiy yoʻnalishi nimadan iboratligini namoyon etib beradi.

Albatta, inson huquqlarini taʼminlashning huquqiy asosi bilan birga iqtisodiy jihati ham birdek muhim. Farovon, toʻkin yashash ham huquqlarimiz sirasiga kiradi. Bu borada mamlakatimiz Prezidenti, davlatimiz tadbirkorlikni rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish kabi islohotlar bilan bir qatorda mintaqada hamkorlikni kuchaytirish asosiy maqsadimiz ekanligini yana bir karra taʼkidladilar. Mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklariga chuqur integratsiyasini taʼminlashni Markaziy Osiyo davlatlarining har biri oldida turgan muhim strategik vazifa sifatida qaralganining oʻziyoq masalaning dolzarbligidan dalolatdir. Albatta, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish boʻyicha tashabbus bu boradagi harakatlarni muvofiqlashtirib turishi nazarda tutilgan. Barcha jihatlari chuqur tahlil va aniq hisob-kitoblarga asoslangan ushbu tashabbusning tez orada amalga oshishi qardosh xalqlar farovonligiga xizmat qiladi.

Markaziy Osiyoning ajralmas qismi boʻlgan Afgʻoniston masalasida Prezidentimizning taklifi juda katta xalqaro ahamiyatga ega, albatta. Zero, Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etilishi jafokash Afgʻonistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga koʻmak berishi shubhasiz.

Pandemiya sabab global muammolar kuchayganligi, xususan, “tobora tashvishli ohang kasb etayotgan qashshoqlikning ovozi butun dunyo hamjamiyatini, barchamizni bezovta qilishi zarur” degan soʻzlari orqali Prezidentimizning insonparvar ekanliklarini butun dunyo aholisi yana bir bor his etgan boʻlsa ajab emas.

Maʼruzada ilgari surilgan xalqaro tashabbuslarni diqqat bilan tizimlashtirar ekanman, ular soʻnggi toʻrt yilda yon-atrofimizda, mamlakatimizda bizning guvohligimizda boʻlganini anglab yetdim. Gʻururlandim. Oʻzbekiston bosib oʻtayotgan yoʻldan boshqalar ham yurishni boshlamoqda. Axir, natija olib kelayotgan, xalqini rozi qilayotgan, iqtisodiy farovonlikni taʼminlayotgan yoʻlboshchining yoʻli barchani qiziqtirishi tabiiy. Bu esa yana bir bor yangi Oʻzbekistondagi demokratik oʻzgarishlar ortga qaytmasligidan dalolatdir.

Narimon UMAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
“Adolat” SDP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?