“Bori elgʻa yaxshiliq qilgʻil”

13:46 14 Fevral 2020 Madaniyat
370 0

Shoh va shoir, buyuk sarkarda, davlat arbobi, olim, tarjimon Zahiriddin Muhammad Bobur butun bashariyatga ulkan ijodiy-maʼnaviy meros qoldirgan. Uni bugun butun dunyoda ardoqlaydilar, oʻqiydilar. Uning birgina “Boburnoma” asarini sharqona qomusiy asarlarning eng yaxshi namunasi, desak yanglishmaymiz. Ushbu asar dunyoning koʻplab tillariga tarjima qilingani ham sir emas.

Ayni kunlarda yurtimizning barcha goʻshalarida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537-yilligiga bagʻishlangan adabiy kechalar, anjumanlar, davra suhbatlari boʻlib oʻtmoqda. shu munosabat bilan Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasida “Bori elgʻa yaxshiligʻ qilgʻil” nomli adabiy kecha boʻlib oʻtdi. tadbirda yozuvchi-shoirlar, afgʻonistonlik adabiyotshunos olimlar, yosh ijodkorlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ochib berdi. Shuningdek, anjumanda filologiya fanlari doktori Olimjon Davlatov, afgʻonistonlik olim Sayyid Hojiddin, Toshqin Bahoyi, shoir Muhammad Kozim Aminiy, Forob davlat universiteti oʻqituvchisi Muhammad ashraf Sharifiy Boburning ulkan sarkardalik va sanʼatkorlik jihatdan muhim boy ilmiy va adabiy meros qoldirgani haqida soʻz yuritdi, gʻazal va ruboiylaridan aytdi. Nihol mukofoti sovrindori Ilyosbek Arabov tomonidan Bobur gʻazali xirgoyi qilingan barcha mehmonlarni xushnud etdi. Yosh ijodkorlar tomonidan shoh va shoirga bagʻishlangan sheʼrlarini yoddan aytib berdi.

Adabiy kechada “Boburnoma” haqida adabiyotshunoslar batafsil maʼlumot berib oʻtishdi. Hozirda uning 119 gʻazali, bir masnu sheʼri, 209 ruboiysi, 10 dan ortiq tuyuq va qitʼalari, 50 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari aniqlangani hamda devoni tarkibida umumiy hajmi 270 baytdan iborat 8 masnaviy ham oʻrin olganligi bayon qilindi.

Afgʻoniston tarixini, jugʻrofiyasini, umuman, koʻp jihatdan yurtimni oʻrganishda “Boburnoma” asari asosiy manba hisoblanadi. — deydi afgʻonistonlik olim Toshqin Bahoyi. — Sababi buyuk olim va davlat arbobi Mirzo Bobur uchta oʻlkani: Movaraunnahr, Xuroson va Hindiston madaniyatini shakllantirdi va birlashtirdi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Biz afgʻon xalqi ham hamisha Bobur tavalludini katta adabiyot, maʼnaviyat bayrami sifatida nishonlaymiz, shoirni, uning asarlarini tadqiq etamiz, qadrlaymiz.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining viloyat boʻlimlarida ham mazkur sanaga bagʻishlab, qator tadbirlar koʻtarinki ruhda oʻtkazilmoqda.

Yulduz OʻRMONOVA, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?