Boqiysan, iftixorimsan, muqaddas ona tilim

17:01 17 Oktyabr 2019 Jamiyat
1720 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida” gi qonuni qabul qilinganligini keng nishonlash toʻgʻrisida” gi qarori ijrosi yuzasidan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutida “Boqiysan, iftixorimsan, muqaddas ona tilim” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Tadbirdan koʻzlangan maqsad ona tilimizning xalqaro miqyosidagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qoʻshish, har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishimiz kerakligini yosh avlodga tushuntirishdan iboratdir.

Milliy oʻzlik, avvalo, qadryatlarga munosabatlarda namoyon boʻladi. Biz ona tilimizni qanchalik sevamiz? Qachon tavallud kunlarda oʻzbek tilida qutlashni odat qilamiz? Tadbirkorlarimiz ishlab chiqargan mahsulotlariga, bino va tashkilotlar peshtoqiga qachon iftixor bilan oʻzbekcha nom tanlab yozdiradi?

Tadbirda soʻzga chiqqanlar ona tilimizni asrab-avaylash borasida qilinishi lozim boʻlgan vazifalar haqida taʼkidlab oʻtishdi.

-Hamisha shunday tilimiz borligidan faxrlanaman. Men Navoiy gʻazallarini, Bobur baytlarini kuylab el ichra hurmat topdim. Xorijiy mamalakatlarda boʻlganimizda ona tilimizda kuylar ekanmiz, tilimiz sehriga mahliyo boʻlganlarni nigohiga boqib, ichim gʻururga toʻlgan paytlar koʻp boʻlgan. Bizning tilimiz ardoqlanishga munosib va bu barcha soha vakillarining vazifasidir. deya taʼkidladi, Oʻzbekiston xalq artisti Munojot Yoʻlchiyeva biz bilan suhbatda…

Bugun yer yuzida 6000 ga yaqin til va lahja boʻlsa, ulardan bor yoʻgʻi 178 tasi davlat tili maqomiga ega. Ular orasida oʻzbek tili borligi bizning faxrimizdir…

YUNESKO vakillarining soʻzlariga qaraganda, qachonlardir odamlar soʻzlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 mingacha yetgan boʻlsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud boʻlib, ularning 90 foizi yoʻqolib ketish arafasida turibdi. Bu asosan sivilizatsiya tufayli madaniyatidan ayrilayotgan kam sonly millatlarning tillaridir.

Bu tillarda soʻzlovchi aholining ayrimlari yozuvga ega boʻlsa, ayrimlari bundan bebahradir. Masalan, Afrika tillarida soʻzlashuvchi aholining 80 foizi hamon oʻz yozuvlariga ega emas.

Tadbirda maʼnaviyatimiz xodimlari tomonidan tilning jamiyatda tutgan oʻrni haqida aytib oʻtildi.

Zahriddin Muhammad Bobur oʻz asarlaridan birida Alisher Navoiy turk nazmida bayroq koʻtarib, bitta qalam bilan dovrugʻini dunyoga yoyib, turk tilining oʻlgan ruhiga Masih nafasdek jon ato qilganligini yozgan edilar.

Hozirgi kunda ham tilimiz bilan bogʻliq muammolar mavjud. Bu muammolarning yechimi esa-ona tilimizni sevish, uni ardoqlash bilan bogʻliqdir.

Oʻqilgan sheʼrlar, yangragan ohanglar talaba-yoshlar orasida tilga nisbatan eʼtiborliroq boʻlishga, uni ardoqlashga chorladi.

Tadbirda aytilganidek, haykal qoʻyishga arzigulik tilimiz bor, biz bu haykalni avvalo, qalbimizda unga boʻlgan cheksiz hurmat orqali qoʻymogʻimiz lozim, soʻzlayotgan soʻzlarimiz va qilayotgan amallarimiz bilan ona tilimiz qadrini yuksaltiraylik!

Sohibjon HOTAMOV,
jurnalist

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?