“Bomba”dan oʻzi saqlasin... Yulduz Usmonovaga raddiya

11:54 09 Yanvar 2020 Madaniyat
2727 0

Shoir Bahrom Roʻzimuhammad xonanda Yulduz Usmonovaning shoirlar borasida bildirgan fikrlariga munosabat bildirdi. Maqola Feysbukda eʼlon qilingan.

Kuni kecha televizorda “Darakchi”ni reklama qilganlarida “Pensiyalar miqdori yangi mezon asosida tayinlanadi” sarlavhasini ilkis eshitib qoldim. Nasib etsa, kelasi yanvarda pensiyaga chiqishim mumkin — gʻamxoʻrlikdan voqif boʻlish maqsadida “Darakchi”ni xarid qildim.

Sahifalarni varaqlayotib, banogoh “Yulduz Usmonova: “Men uchun har bir kunim saboq” otligʻ suhbat matniga koʻzim tushdi. Yulduzxonim omma va xos doiralarda mashhur xonanda. Binobarin, gaplarini astoydil oʻqishga kirishdim. “Bugun negadir shoirlarimizda fikrlash doirasi tor va sayoz boʻlib boryapti. Bu jarayon men uchun juda qiyinchilik tugʻdiradi. Buning sababini izlab oxiriga yetganim yoʻq. Oʻzimcha, “Shoir xalqiga “bomba” tushganmi” deb qoʻyaman. Oʻzlari bilan bu mavzuda gaplashib qolsam, “Ilhom kelmayapti” deya chegaralanishadi.” ( Yulduz Usmonova: “Men uchun har bir kunim saboq”. Aliya Sulaymonova suhbatlashdi. “Darakchi”, №1 (1080) 2.01. 2020. 48- sahifa)

Ancha vaqtlardan beri shu xususda oʻylab yurganim uchun ayrim fikr-mulohazalarni bildirishni lozim topdim. Faqir oʻsmirlik davrlarimdan beri Alla Pugacheva, Anna German kabi xonandalar qoʻshiqlarini tinglab kelaman. Ularning ashulalarini eshitib hech qachon zerikkan emasman. Chunki, bu xonandalar asosan professional shoirlar sheʼrlarini qoʻshiq qilib kuylaganlar. Masalan, Alla kuylagan “Million atirgul” qoʻshigʻi matnini Andrey Voznesenskiy yozgan. Kamina shu sheʼrni ona tilimizga oʻgirdim. Bir shoira kichik sahnada kuyladi. Binoyiday chiqdi.

Soʻnggi davrlarda Selen Dion ashulalariga ishqiboz boʻldim. Uning “Titanik” ashulasini rus, arab, turkman tillaridagi ijrolarni tinglab zavqlandim. Ayniqsa, turkmanchada “Titanik” boshqacha jaranglagan... Mazkur ashula matnini ingliz tilini biladigan ijodkor Baxtiyor Joʻrayev bilan asliyatdan oʻgirdik. “Javohir” jurnalida nashr qilindi. Bir xonandaga matnni bergandik, negadir kuylamadi. Yulduzxonim shu qoʻshiqni ingliz va oʻzbek tillarida kuylasa boʻlardi-ku axir?

Men bir xususiyatga hayron qolaman. Negadir zamonaviy xonandalarning aksariyati professional shoirlarni tanimaydilar, tan olmaydilar. Ular “shoir” deb yurganlarni esa biz shoir demaymiz. Bu bilan baʼzi qalamkashlarni kamsitmoqchi emasman, ammo sayoz sheʼrni sayozligini aytmoq kerak. Sayoz sheʼrlarni “yulduz”lar qoʻshiq qilib kuylasalar qalbaki adabiyotni targʻib etgan boʻlib chiqadilar. Bilib-bilmay, albatta.

Buyuk hofiz Komiljon Otaniyozov qoʻshiqlarining mualliflariga qarang: Alisher Navoiy, Ogahiy, Maxtumquli, Niyoziy... Qoʻshiq magʻzini chaqib rosa rohatlanasiz. Ayni kunimizda estrada xonandalari kuylayotgan ashulalardagi soʻzlarni tushuna olmay qiynalamiz. Ahmadjon ogʻa talqin qilganidek: “Yurakimga”ni “Yura Kimga” deb tushunamiz goho.

Deylik, Yulduz Usmonova Halima Ahmedova, Zebo Mirzo, Gulbahor Said Gʻani, Oʻktamoy, Shoira Shams kabi kuchli shoiralar sheʼrlarini ashula qilsa, shinavanda didi oʻtkirlanishiga ulush qoʻshgan boʻlur edi.

Qoʻshiq — oddiy narsa emas. Qoʻshiq eshitib odam xastaliklardan xalos boʻlishi mumkin. Ayrim insonlar qoʻshiq eshitib, fanoni tark etishni istaydilar. Soʻzimning isboti sifatida oʻzimiz nashrga hozirlagan “Oʻzbek elim Komiljondan ayrilmas” kitobidan misol keltirmoqchiman: “Umri poyoniga yetayotganda odam bolaga aylanib qolar ekan. Kimdir anor suvini, kimdir gul, kimdir meva-cheva, kimdir qovun- tarvuz soʻrab yaqinlariga erkalik qiladi. Onam esa xastalik toʻshagida yotarkan, Sharifa, Olmaxonning qoʻshiqlarini ayttir, dedi. Men buning ilojini topib bilmadim. “Boʻlmasa “Onajon” degan qoʻshigʻingni ayt!”, dedi. Yigʻladim...” (Oʻsha kitob, 189- bet).

Bu gaplar Qoʻshiqning ne ekanligini anglatmoqda.

... Yulduz Usmonova — jahon miqyosida tanilgan xonanda. Yer yuzining oʻzbeklar yashaydigan barcha burchaklarida uni taniydilar, qoʻshiqlarini eshitadilar. Agarda u professional shoir va shoiralar sheʼrlarini kuylashni kasb etsa nafaqat oʻz ovozini, balki oʻzbek sheʼriyati ovozasini olamga yoygan boʻlur edi. “Bomba”dan esa Xudo saqlasin...

Bahrom Roʻzimuhammad


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?