Boliviyalik tajribali shifokor Maftunani koʻrikdan oʻtkazib, uni davolash istagini bildirdi

12:38 30 Iyun 2020 Siyosat
261 0

Oliy Majlis Senatida fuqarolar murojaati bilan ishlash tizimining aniq mexanizmi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, joriy yil boshidan shu kunga qadar parlament yuqori palatasiga 5784 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 452 tasi Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasiga yoʻllangan. Ular senatorlar tomonidan nazoratga olinib, ijobiy hal qilib kelinmoqda. 

Taʼkidlash joizki, Senat aʼzolari xalq bilan bevosita muloqot qilish orqali hududlardagi real holatni oʻrganib, muammo va kamchiliklarni hal etishmoqda.

Yana bir jihat, karantin davrida fuqarolar Oliy Majlis Senatining virtual qabulxonasi hamda Senat Raisining Feysbukdagi rasmiy sahifasi orqali ham murojaat yoʻllashmoqda. Namanganlik Maftuna shular jumlasidandir.

U Oliy Majlis Senati Raisining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali oʻz salomatligini tiklash borasida amaliy yordam soʻragan. Qayd etilishicha, 18 yoshli Maftuna baxtsiz hodisa tufayli ogʻir tan jarohati olgan. Yaʼni kuyish tan jarohati oʻzining asoratlarini qoldirgan.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Nosirbek Abdullaxanov ushbu fuqaro bilan uchrashib, uning murojaatni oʻrgandi. Senator Maftunaning davolanishida amaliy yordam berdi. Jumladan, Oʻzbekistondagi xususiy klinikalardan birida faoliyat yuritayotgan tibbiyot olimi, chet ellik tajribali shifokor koʻrigidan oʻtishini tashkillashtirdi. Unga jarrohlik amaliyotini oʻtash hamda dori-darmon bilan taʼminlash borasida moddiy-maʼnaviy koʻmak berishini bildirdi.

— Avvalo, davlatimiz tomonidan soʻnggi yillarda tibbiyotga, ayniqsa, xususiy sektorga berilayotgan eʼtibor va imtiyozlar bugun oʻzining ijobiy samarasini berayotganini alohida taʼkidlash joiz, – dedi senator N.Abdullaxanov. — Guvohi boʻlib turganimizdek, xususiy tibbiyot klinikalarida ham chet eldan malakali shifokorlar jalb qilinib, xalqimizga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda. Bu esa fuqarolarimizning chet elga mablagʻ sarf qilib borishi, vaqtini yoʻqotishi, ovoragarchiligining oldini olmoqda. Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi haqida gapirganda, har bir fuqaroning murojaati boʻyicha masʼuliyat bilan yondashish talab etiladi. “Senatorlar maktabi”da bilyapmizki, yoʻllangan ariza va shikoyatlarning ichiga kirib, muammoni joyiga chiqib oʻrganish maqsadga muvofiq. Xuddi shunday men ham fuqaro bilan bogʻlanib, uning dardini tinglayman va holatni toʻliq oʻrganaman.

Bugungi tashkillashtirilgan tibbiy koʻrik ham Senatga yuborilgan murojaat yuzasidan qilindi. Koʻrganingizdek, qizimiz ogʻir tan jarohati olgan. Biroq undagi umidni soʻndirmaslik kerak. Eng muhimi ham shu aslida. Shu bois Maftunaga, uning ota-onasiga dalda boʻlib, qoʻldan kelgancha amaliy yordam berishga tayyormiz.

Boliviyalik tajribali shifokor Vladimir Tapiya Fernandes Maftunani koʻrikdan oʻtkazib, uni davolash istagini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?