“Boʻlgʻusi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi” nega faollashmoqda?

16:28 15 Avgust 2019 Jamiyat
191 0

Odatda xalqimiz oilani muqaddas maskaniga qiyoslaydi. Zero, oila jamiyatning oʻta muhim boʻgʻini hisoblanadi. Oila deb atalmish dargohni qurish uchun avvalo uning poydevorini mustahkamlanish lozim. Shu bois qadim-qadimdan ota-bobolarimiz farzandiga juft tanlashda juda koʻp narsalarga eʼtibor qaratishgan. Quda tomonlar bir-birini oʻzaro tushunishi, turmush-tarzi har tomonlama yaqin boʻlishi, qiz va yigitning aqlan, jismonan sogʻlomligi, ruhiyatlari bir-biriga mosligi inobatga olingan.

Roʻzgʻor tebratish, farzand tarbiyalash esa, birgina orzu-havas bilan boʻladigan ish emas. “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan olib borilgan qator oʻrganish va surovlar natijalari hali oilaning, turmushning past-balandligini teran tushunib yetmagan yoshlarning oila qurishi, keyin esa, hayot tashvishlari oldida ojiz qolishi natijasida ham juda koʻp ajrimlar kelib chiqayotganligi koʻrsatmoqda. 

Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilaviy ajrimlarni oldini olish, oilalarning zamon bilan hamnafas qadam tashlashiga erishish maqsadida “Oila” markazi tomonidan respublikaning 96 ta tuman va shaharlarida “Boʻlgʻusi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi” tashkil etildi. Ushbu maktablarda nikohdan oʻtuvchi 12 ming 564 nafar yigit-qizlar bilan zamonaviy usullardan foydalangan holda mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Maktabda boʻlgʻusi kelin-kuyovlarga oila psixologiyasi, diniy-maʼnaviy tarbiya, oiladagi huquqiy munosabatlar, reproduktiv salomatlik, oila byudjeti va iqtisodiyoti va oilaning mustahkamligini taʼminlashda mahallaning oʻrni kabi mavzularda yuqori malakali professor-oʻqituvchilari tomonidan darslar oʻtiladi.

“Oila” markazi matbuot xizmati xabariga koʻra, “Boʻlgʻusi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi” samaradorligini yanada oshirish, maktab faoliyatini takomillashtirish va doimiyligini taʼminlash boʻyicha “Oila” markazi tomonidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va unda mazkur innovatsion maktab faoliyatining huquqiy shaklini belgilash, moliyalashtirish masalalari hal etilishini nazarda tutilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?