Bolani bogʻchaga joylashtirishda «lgotniklar» kamayadi

22:06 09 Iyul 2020 Jamiyat
322 0

Ilgari ijtimoiy tarmoqlarda bolalarni davlat bogʻchalariga joylashtirishda bir qator imtiyozi mavjud shaxslarning farzandlariga beriladigan imtiyozlar yuzasidan ancha noroziliklar uchrar edi. Davlat xizmatlari agentligi tomonidan oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrov natijalari ham bundan dalolat beradi.

Koʻp marotaba taʼkidlanganidek, DXA aholi dardini tinglaydi va ularni qiynab kelgan muammolarni bartaraf etishga harakat qiladi. Navbatdagi normativ-huquqiy hujjat ham aynan shunga qaratilgan.

Demak, muhokamaga qoʻyilgan loyihada bolalarni davlat bogʻchalariga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentida mavjud imtiyozlar qisqartirilmoqda.

Endilikda faqatgina ikki turdagi imtiyozlar, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarning bolalari hamda yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun qoldirilmoqda.

Shuningdek, faqatgina bolaning ota-onasi emas, balki yaqin qarindoshlariga ham yoʻllanma olish imkoniyati yaratilmoqda. Misol uchun, avval, bolaning bobo va buvilari nevaralari uchun ariza yuborishi mumkin emas edi.

Bundan tashqari, maktabgacha taʼlim axborot tizimini takomillashtirish va uni Maktabgacha taʼlim vazirligining rasmiy veb-sayti bilan integratsiya qilish orqali bogʻchalardagi tarbiyalanuvchilar va boʻsh oʻrinlar haqidagi maʼlumotlarni real vaqt rejimida yuritish, navbatlarni shakllantirish va ularning elektron hisobini olib borish, yoʻllanma va xabarnomalar berish imkoniyatini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qabul qilish jarayonining aktuallashtirilganligi hamda muassasalardagi boʻsh joylarning elektron hisobini yuritish, bolalarni muassasalarga qabul qilish uchun elektron navbatni shakllantirish, bolalarni muassasalarga qabul qilish uchun yoʻllanmalarni rasmiylashtirish maktabgacha taʼlim axborot tizimi tomonidan amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyilganligi sababli tegishli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Qaror loyihasining qabul qilinishi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlaridan ortiqcha xarajatlarni talab etmaydi.

Loyiha muhokama uchun https://regulation.gov.uz/uz/document/19410 da joylashtirilgan.

Muhokama 23-iyulgacha davom etadi. Faol ishtirok etishga chaqirib qolamiz. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?