Chiqindi toʻplab sotgan yigitcha qanday qilib haftasiga 120 ming funt sterling maosh oladigan futbolchiga aylandi?

09:30 17 Oktyabr 2020 Jamiyat
390 0

Ngolo Kante 1991-yilning 29-martida Parijda tugʻilgan. Uning ota-onasi Mali ( Gʻarbiy Afrika)dan boʻlib, tuzukroq hayot kechirish ilinjida 1980-yilda Fransiyaga koʻchib kelishgan. Ngola oiladagi toʻrt farzandning toʻngʻichi. Otasi vafot etganida qahramonimiz hali juda yosh edi. Onasi bolalarni boqish uchun farroshlik qilar, oila juda qashshoq yashardi. Bolakay anglagan haqiqat shu ediki, qattiq mehnat qilish kerak. U mehnatni hayotda nimagadir erishishning yagona yoʻli deb bilardi. Shu boisdan roʻzgʻorga nafim tegsin deya koʻchada chiqindi yigʻish bilan shugʻullandi.

Buning uchun esa bolakay sharqiy Parij kvartallari boʻylab bir necha kilometr yoʻl bosardi. Bekorchilikdan emas, albatta. Nisbatan qimmat turadigan chiqindilarni izlab topar va ularni qayta ishlovchi kichik korxonalarga topshirar, ammo koʻnglining bir chetida “Bu yoʻl bilan oʻzim va oilam kelajagini toʻkis qila olmayman”, degan oʻy bor edi. Xuddi shu narsa uni moliyaviy jihatdan erkin boʻlish, pul topishning muqobil yoʻllarini izlashga undardi.

Bilasiz, futbol boʻyicha 1998-yilgi jahon chempionatiga Fransiya mezbonlik qildi. Nechogʻli gʻayritabiiy tuyulmasin Kante xuddi shu mundial chogʻida ancha-muncha pul ishlab oldi. Stadionlar, fanatlar toʻplanadigan koʻchalarda farrosh uchun istalgancha ish topilardi-da. Jahon chempionatidan soʻng Kante tamoman boshqa Fransiyani koʻrdi. Uning koʻz oʻngida imkoniyatlarga toʻla mamlakat namoyon boʻldi. Oʻz kelajagini futbolda deb bildi. Shunisi qiziqki, Fransiya terma jamoasini jahon chempionligi sari boshlab kelgan futbolchilarning koʻpchiligi migrantlar edi. Tyeri Anri, Zinedin Zidan, Patrik Viyeyra, Lillian Tyuram, Nikolya Anelka nomlari butun dunyoga tanish edi. Qolaversa, kelib chiqishlari Afrikaga borib taqaladigan bu futbolchilarning gʻalabaga qoʻshgan hissalari migrantlarning fransuz futbolida ishtirokiga oid qarashlarni ijobiy tomonga oʻzgartirib yubordi.

Shu jahon chempionatidan soʻng qahramonimiz hayotini futbol bilan bogʻlashga ahd qildi. Parij yaqinidagi klublardan birining akademiyasiga bordi. Roʻyxatdan oʻtgani zahoti jamoadagi oʻrtoqlari uni eng kichkina va yosh yulduz ekanini eʼtirof etishdi. Avvaliga kichkina gavdasi va tashqi koʻrinishini koʻrib, qanday qilib u maydonda oxirigacha tura olarkin, deganlar ham boʻldi. Jumladan, klub menejeri yordamchisi Per Villening soʻzlariga qaraganda, kichik gavdali boʻlgani tufayli Kante katta jamoalar radaridan chetda qolgan. Villening aytishicha, yigitcha jismoniy jihatdan baquvvat boʻlishi uchun mashgʻulotlardan keyin oʻz ustida qattiq ishlagan. Toʻp bilan u darvozadan bu darvozaga qadar qayta-qayta boraverib, rosa qora terga botgan.

Aynan qora mehnat miniatyur koʻrinishdagi yarim himoyachini kuchli futbolchiga aylantirdi. Kantening eski qadrdonlaridan biri Fransua Lemuan shunday degandi: ”Kante bizdan uch yosh kichik. Bu uning biz bilan birga oʻynashiga xalaqit bermasdi. Gavdasi kichik boʻlganiga qaramay, raqib futbolchilaridan hech kim uni aldab oʻtolmasdi”. Klub oʻsmirlar jamoasining yutuqlari bevosita Kante bilan bogʻliq edi. Lekin jamoadoshlari gʻalabani nishonlashayotgan pallada u chetda qimtinibgina turardi. Bu odat uni hali-hanuz tark etgan emas.

Yoshlar jamoasi murabbiyi Voktin shunday eslaydi: “Oʻsha paytlarda Kante soʻralgan hamma narsani bekamu koʻst bajara biladigan yagona futbolchi edi. Bir kuni men hazillashib, “Sizga ikki oy muhlat beraman. Shu vaqt ichida toʻpni yerga tushirmay chap oyoqda 50, oʻng oyoqda 50, bosh bilan 50-marta harakatni amalga oshirasiz” dedim.Ikki oy oʻtgach, u buni epladi. Men chinakamiga hayratda qoldim. Oʻsha lahzadan boshlab men unga biror ish buyurmadim. Oʻz holiga qoʻyib berdim.”

Oʻz ustida shu tariqa qattiq ishlashi qahramonimizni Bulon shahriga koʻchib kelishiga turtki berdi. U 2010 – 2012-yillarda shu shahar klubi, keyin «Kan» jamoasi sharafini himoya qildi. Shundan soʻng esa Angliyaga yoʻl olib, «Lester» klubi aʼzosiga aylandi. Bu jamoa bilan 2015 – 16 yilgi mavsumda mamlakat chempioni boʻldi. Yarim himoyachi shunaqangi oʻyin koʻrsatdiki, sinchiklab kuzatganda u kichik jussasi bilan maydon markazining katta qismini oʻziniki qilib olgandek tasavvur uygʻonardi. Bu epchil va tinib- tinchimas oʻyinchini 2016-yilda “Chelsi” sotib oldi. Bu orada Roman Abramovich jamoasida bir necha murabbiy almashdi. Qanchadan qancha oʻyinchilar kelib ketdi. Ammo Kante asosiy tarkib oʻyinchisi sifatida mavqeini yoʻqotmadi. Uni oʻz jamoasi safida koʻrishga ishtiyoqmand top – klublar soni esa kamaygan emas.

Qahramonimiz Fransiya terma jamoasi safida 2018-yilda jahon chempioni degan sharafli nomga sazovor boʻldi. Bu gʻalaba haqida soʻzlarkan, Kante uni bolalikdagi orzuim, deya eʼtirof etdi. ”Fransiya jahon Kubogini qoʻlga kiritganida men 7 yoshda edim. Shunaqangi hayajonlangan edimki, asti qoʻyavering. Oʻshanda doʻstlarimga “Bir kun kelib men ham jahon Kubogini qoʻlga kiritaman” deganman.

U oʻz soʻzining ustidan chiqdi.Lekin bolaligidagi odatini tashlamadi. Eslasangiz, Rossiyada boʻlib oʻtgan mundial finalida Fransiya Xorvatiya terma jamoasini magʻlub etgandi. Uchrashuvdan soʻng gʻolib jamoa futbolchilari jahon Kubogini boshlari uzra koʻtarishar, Kante esa bir chetda tortinibgina turardi. ”Endi mening navbatim” deyishga botina olmasdi. Bir mahal jamoadoshlari uning qoʻliga Kubokni tutib, “Qani, ola qol. U – seniki” deyishdi. Buni alohida taʼkidlashimizning boisi shundaki, tortinchoqlik hayotda muvaffaqiyatga erishish uchun gʻov boʻla olmaydi. Buni Kante butun dunyoga koʻrsatib qoʻydi.

Aytmoqchi, uni 100 million funt, deya baholashganiga qaramay, qahramonimiz qimmatbaho mashinalarda yurmaydi, hatto narxi osmonda boʻlgan liboslarni kiymaydi. Hayotda juda oddiy, kamtar yigit. VVS Sport nashri reportyori Pol Fletcherning soʻzlari bilan aytganda, haftasiga 120 ming funt sterling olishiga qaramay, boyligini koʻz-koʻz etish Kante uchun mutlaqo yot.

Qizigʻi, bolaligida chiqindini toʻplab, oilasi uchun bir burda non topgan Kantening transfer narxi hozir 100 million yevroga teng. Vaholonki, bundan yetti yil muqaddam uni 400 ming yevro turadi, deya baholashgandi. Aytmoqchi, qahramonimiz yuqorida taʼkidlanganidek, Fransiya terma jamoasi safida 2018-yilgi jahon chempionati gʻolibi, 2016-yilgi Yevropa chempionatida kumush medal sohibi boʻlgan. ”Lester” va “Chelsi” bilan Angliya premyer-ligasida gʻolib chiqqan. 2018-yilda Angliya Kubogini, 2019-yilda esa Yevropa Ligasi bosh sovrinini boshi uzra koʻtargan.

Istam IBROHIMOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?