Bolaligi avtobusda oʻtgan “Firʼavn”. Yoxud oʻgʻriga koʻmaklashib, odamiylikdan saboq bergan qahramon

09:31 08 Sentyabr 2020 Sport
340 0

Mashgʻulotga har kuni 4,5 ming kilometr yoʻl bosib borgan oʻsmir jahonning eng kuchli futbolchilaridan biriga aylandi. Ungacha esa oʻgʻriga koʻmaklashib, odamlarga odamiylikdan saboq berdi.

Muhammad Saloh 1992-yilda Misrning Basyun shahrida tugʻilgan. Angliyaning “Liverpul” klubi aʼzosi. Dunyoning eng kuchli futbolchilaridan biri. ”Firʼavn”, “Misr qiroli” degan laqablari bor. Uni 2019-yilda Time jurnali jahonning 100 eng obroʻli odami roʻyxatiga kiritgan. Shu yilning yanvarida esa Londondagi Tyusso muzeyida Salohning qiyofasi aks etgan haykal qoʻyilishi maʼlum qilindi.

Misrning chekka bir goʻshasida tugʻilib oʻsgan bolakayning hali oʻttiz yoshga kirmay turib dunyo miqyosida shu qadar shon-shuhrat qozonishi aql bovar qilmaydigan hollardan biridir. U bunday yuksak eʼtirofga qattiq mehnat, tirishqoqlik,oʻz ustida ishlash evaziga erishdi.

Keling, uning yoshligiga bir qur nazar tashlaylik. Uning otasi bilan togʻasi futbolchi boʻlishgan. Havaskor klublarda toʻp surishgan. Muhammaddagi isteʼdodni payqagan otasi uni «Ittihad Basyun» klubi futbol akademiyasiga olib boradi. Oʻyinlarning birida u Qohiraning «Mokavlun» klubi skauti nazariga tushadi. Shu tariqa ushbu klub mashgʻulotlariga qatnay boshlaydi. Lekin qanaqasiga, deng. Muhammad istiqomat qilayotgan shahar bilan Qohira oraligʻi mashinada 4,5 soatlik yoʻl edi. U har kuni ertalab soat 8 da maktabga borar, ikki soat oʻqigach, Qohira sari yoʻlga tushardi. Buning uchun bir emas, ikki emas, uchta avtobusga chiqishiga toʻgʻri kelardi. Uyiga tunda qaytardi. Haftaning besh-olti kuni shu zaylda kechardi.

— Bu koʻp vaqtimni olishidan tashqari katta kuch sarflashimni talab qilardi, albatta, — deya eslaydi Angliya matbuotiga bergan intervyusida qahramonimiz. — Avtobusda yoʻlovchilar koʻpligidan tik oyoqda kelgan paytlarimni aytmaysizmi? Lekin menda ishtiyoq kuchli edi.

Bizda Muhammad Saloh boshidan kechirgan bu qiyinchilikni soddagina qilib “Yoʻl azobi — goʻr azobi”, deyishadi. Ammo har qanday azobning ham oxir-oqibat rohati bor. Bu haqda qisman toʻxtaldik. Keyin bu mavzuga yana qaytamiz.

Klub bazasidan unga xona ajratilgach, yoʻl bilan bogʻliq qiyinchilik ortda qoldi.2010-yilning 3-mayida Misr chempionati doirasida «Al Mansuri» jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvda u ilk bor zaxiradan maydonga tushdi. Uch mavsum ichida komandaning asosiy tarkibidan mustahkam oʻrin oldi. 2012-yilning boshida Port-Saidda yuz bergan fojia sababli Misr chempionati oʻyinlari toʻxtatildi. Shunda Shveysariyaning “Bazel” klubi Misrning 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilardan iborat terma jamoasi bilan oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazdi. Muhammad uchrashuvning 2-boʻlimida maydonga tushdi. Shunga qaramay ikki toʻp kiritib jamoasining 4:3 hisobida gʻalaba qozonishiga katta hissa qoʻshdi. Uning oʻyini raqib jamoa rahbariyatiga katta taassurot qoldirdi. Oʻsha yilning 10-aprelida Saloh “Bazel” bilan toʻrt yillik shartnoma tuzdi.

— Yevropa klubiga oʻtishim men uchun juda katta sinov boʻldi, — deydi u. — Avvalo til muammosiga duch keldim. Shveysariya koʻchalarida odamlarga arab tilida murojaat qilishga majbur boʻlardim. Yelka qisib oʻtib ketishardi. Qolaversa, bu yerda mentalitet ham, tartib ham batamom boshqacha edi. Mashgʻulotlarga kechikib kelishni tasavvur ham qilib boʻlmasdi. Xayolimni “Bu yerdagi hayotga moslashaman, aks holda Misrga qaytib ketishim zarur” degan fikr chulgʻab oldi. Til oʻrganishga jiddiy kirishdim. Yevropadagi hayotga moslasha boshladim.

Saloh “Bazel” safida qatorasiga ikki bor mamlakat chempioni boʻldi. 47 ta oʻyinda 9 ta gol urdi. Boz ustiga Chempionlar ligasida ham oʻzini koʻrsata oldi. Ayniqsa, Chempionlar ligasi guruh bosqichida “Chelsi” darvozasiga gol kiritib, jamoasining shunday kuchli raqib ustidan gʻalaba qozonishiga hissa qoʻshgani koʻpchilik eʼtiborini tortdi. Kutilganidek, 2014-yilning yanvarida “Chelsi” uni taxminan 11 million funt sterlingga sotib oldi. Joze Mourinyo qoʻli ostida yulduz futbolchilar jamlangan jamlangan jamoada Saloh barqaror oʻyin namoyish eta olmadi. Talabchan murabbiyning undan koʻngli toʻlmayotgandi. Bu esa pirovardida Salohning 2015-yilning 2-fevralida Italiyaning «Fiorentina» klubiga ijaraga berilishiga olib keldi. ”Fiorentina”da u sermahsul futbol namoyish etishga kirishdi. Xususan, Italiya kubogi yarim finalida «Yuventus» darvozasiga 2 ta gol kiritdi va aynan shuning evaziga «fialkalar» 2:1 hisobida gʻalaba qozonishdi. ”Fiorentina” Salohni olib qolishga harchand urinmasin, futbolchi faoliyatini «Roma»da davom ettirishga qaror qildi. Pirovardida Muhammad Saloh 2016-yilgi mavsum yakuniga koʻra, «Roma»ning eng kuchli futbolchisi deb topildi. U barcha musobaqalarda 15 ta gol kiritib, 6 ta golli uzatma berdi. Rim klubi uning haq- huquqini toʻligʻincha sotib oldi.

2017-yilning 22-iyunida esa «Roma» Salohning “Liverpul”ga oʻtishi bilan bogʻliq oldi-sotdi xususida maʼlumot tarqatdi. Qoʻshimcha bonuslarni hisobga olmaganda “qizillar” uning transferi uchun 42 million yevro toʻlashdi. Bu oʻsha paytda “Liverpul” tarixidagi rekord koʻrsatgich boʻlgandi.

— Bu yerda ajoyib jamoa shakllangan, — degandi oʻshanda Saloh. — Oʻtgan mavsumda jamoaning oʻyinlarini kuzatib, klubda hamma narsa gʻalaba qozonish uchun yoʻnaltirilganini his etdim. Men birgalikda nimanidir yutamiz, deb umid qilaman.

Muhammadning umidlari ushala boshladi.”Liverpul” 2017/2018-yilgi Chempionlar ligasi mavsumida finalda Madridning “Real”iga qarshi maydonga tushdi. Ammo Serxio Ramos bilan toʻp uchun kurashda Saloh qattiq jarohat olib, birinchi boʻlimdayoq maydonni tark etdi. Oʻyin “Liverpul”ning 1:3 hisobidagi magʻlubiyati bilan yakunlandi. Ammo kelasi mavsumda jamoa niyatiga yetdi.Finalda «Tottenxem» 2:0 hisobida magʻlub etildi. Saloh penaltidan gol kiritdi. U Yevropa Chempionlar ligasida gʻolib chiqqan birinchi misrlik futbolchiga aylandi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay “Liverpul” bilan Yevropa superkubogini ham boshi uzra koʻtardi.

Muhammad Saloh juda tezkor va mehnatsevar futbolchi sanaladi. Dribling ustasi. Universal hujumchi. Oʻzi uchun ham, sheriklari uchun ham golli vaziyat yarata oladi. ”Liverpul”da u nisbatan hujumkorroq oʻyin koʻrsata boshladi. Bosh murabbiy Yurgen Klopp uni raqib darvozasiga yaqinroq pozitsiyada oʻynashini maʼqul koʻrdi. Salohning sermahsul futbol namoyish etishida shu murabbiyning ulushi kattaligini bugun hech kim inkor qilolmaydi. Boz ustiga oʻta mehnatkash. Uyida ham darvoza oʻrnatib, aniq zarba yoʻllash borasidagi mahoratini charxlab borganiga nima deysiz. Muxbirlar “Darvozada kim turadi?”, deya soʻrashganida u oʻziga xos tabassum bilan “Darvoza toʻrining uch-toʻrt joyidan teshib qoʻyganman. Aynan shu teshiklarni moʻljallab zarba yoʻllayman”, deya javob berdi.

U Angliya chempionatida koʻplab rekordlarni oʻrnatdi. Masalan, debyut mavsumida “Liverpul” safida 44 ta gol kiritdi. Bir mavsumda chap oyogʻi bilan eng koʻp (22 ta) gol kiritgan futbolchi boʻldi. Umuman, uning yutuqlarini sanab adogʻiga yetish qiyin.

Qahramonimizning xayrli ishlari ham benihoya koʻp. Misr chempionatida oʻynab yurgan kezlarida Salohning oilasini tunab ketishadi. Oʻgʻri topiladi va politsiya tomonidan qoʻlga olinadi. Otasi oʻgʻriga qarshi ayblov eʼlon qilishni soʻrashga hozirlanganida Muhammad Saloh ishni yopishni soʻraydi. Shundan keyin oʻgʻriga moddiy yordam koʻrsatadi va uning ish topishiga koʻmaklashadi. Futbolchi ona shahridagi 450 nafar ehtiyojmand oilaga oʻz shaxsiy xayriya jamgʻarmasi hisobidan moddiy yordam beryapti. Shuningdek, moliyaviy qiyinchiliklarni yengishga koʻmaklashish niyatida Misr hukumatiga 300 ming dollar hadya qilgan.

Dunyoda, xususan, Misrda uning obroʻsi juda katta. Minglab misrlik yosh bolalar xuddi Saloh kabi kuchli futbolchi boʻlish orzusi bilan tongni qarshilashmoqda. Darvoqe, aynan uning goli evaziga Misr terma jamoasi Rossiya maydonlarida oʻtkaziladigan jahon chempionati final qismiga yoʻl olgandi. Bu Misrda chinakamiga bayram qilindi. Terma jamoa 1990-yildan keyin birinchi marta mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgandi-da. Aytmoqchi, shunda futbolchining sharafiga Qohiradagi maktablarning biri Muhammad Saloh deb nomlandi.

Bundan atigi oʻn ikki-oʻn uch yilcha muqaddam tirband avtobuslarga chiqib, minglab chaqirim yoʻl bosgan, mashgʻulotlarni kanda qilmagan, hali- hanuz oʻz ustida qattiq ishlaydigan Muhammad Salohning faoliyati shubhasiz, bizning futbolsevar yoshlarimiz uchun ham ibratlidir.

Istam IBROHIMOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?