Bolalarni emlash pullikmi?!

11:16 22 Avgust 2019 Jamiyat
91 0

Ushbu savol hozirgi kunda mamlakatimiz aholisi oʻrtasida uchrab turadigan eng dolzarb savollardan biri hisoblanadi. Bolalarda faqat “Gepatit A” (xalq tilida “sariq kasalligi”) dan tashqari barcha kasalliklarga qarshi emlash mutlaqo bepul, xavfsiz va qulay, deb yozadi OʻzA.

Qayd etish kerakki, hanuzgacha aholi orasida emlash masalasida turli xil salbiy qarashlarning mavjudligi mazkur jarayonni OAVda kengroq yoritilishi va shu orqali masala yuzasidan aholi xabardorligini oshirishni taqozo etmoqda.

Namangan shahridagi “Sayhun” mehmonxonasi konferensiyalar zali ushbu masalani muhokama qilishda viloyat jurnalistlari va blogerlari uchun davra markazi boʻldi. YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va Respublika Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi hamkorligida tashkil etilgan “Bolalar sogʻligi, xususan, immunizatsiya masalalarini OAVda yoritish” mavzusidagi seminar-trening dolzarbligi bilan muhim ahamiyat kasb etdi.

Soha mutaxassisi Nargis Qosimova oʻzining nazariy va amaliy mashgʻulotlari orqali trening jarayonida masala mohiyatni ochib berishga erishdi. Vaksinatsiya va uning bola sogʻligiga ijobiy taʼsiri, tele-radio, matbuot va internetda bolalarni emlash mavzusini yoritishning zamonaviy usullari, kichik farzandlarimiz salomatligi boʻyicha OAVda eʼlon qilingan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan materiallardagi stereotiplarni aniqlash va ularni buzish, mediamaydondagi soxta xabarlarni aniqlash va tekshirish borasidagi bilim va salohiyatimizni yuksaltirish zarurligini alohida qayd etdi.

Taʼkidlanganidek, karantin va oʻta xavfli yuqumli xastaliklar, poliomiyelit, difteriya, qoqshol kasalliklari qator yillar mobaynida qayd etilmadi.

Bolaning tugʻilganidanoq va to 16 yoshgagacha boʻlgan turli bosqichlarda emlash uni kelgusida xavf soluvchi kasalliklardan ishonchli himoyalaydi.

Shu oʻrinda bir yangilik, treningga taklif etilgan shifokor-mutaxassis, viloyat DSENM masʼul xodimi Sherzod Latifjonov emlash yillar oraligʻiga endi 9 yosh ham kiritilayotganini bildirdi, yaʼni emlash taqvimiga yana bir yosh toifasi joriy etiladi.

Tashkil etilayotgan mazkur loyiha doirasidagi turli tadbirlar jurnalistlar va tibbiyot muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytiradi. Fuqarolarda tibbiy madaniyat oshishiga turtki boʻlib xizmat qiladi.

Trening doirasida ishtirokchilar guruhlarga boʻlingan holda oʻzlashtirgan bilim va koʻnikmalarini mustahkamlab, savol-javob hamda bahs-munozara shaklida oʻz taklif-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdilar, mediarejalarini tuzib oldilar.

Xulosalar, muhokamalar va tavsiyalar Davlat sanitariya-epidemiologiya markazining viloyat boʻlimida davom etdi. Tashkil etilgan seminar-trening doirasida qatnashchilari bu yerdagi Respublikada ikkinchi oʻrinda turuvchi vaksina saqlash ombori bilan yaqindan tanishdilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?