Bolalar oromgohlari intellektual rivojlantirish markazlari sifatida faoliyat ko‘rsatadi

10:40 30 May 2018 Jamiyat
365 0

Bu yil ular o‘g‘il-qizlarni intellektual rivojlantirish markazlari sifatida ham faoliyat ko‘rsatadi.

Ushbu fikrlar bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish ishlari samaradorligini yanada oshirish maqsadida tashkil qilingan hududiy seminarlarda ta’kidlandi. 

Joriy yil mamlakatimiz oromgohlarida 301 ming 500 nafar bolani sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 7 ming 600 nafar ko‘p. Shu maqsadda 1 ming 313 ta oromgoh faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ulardan 26 tasi statsionar, 978 tasi kunduzgi, 129 tasi mehnat va dam olish oromgohlaridir. 

Yana bir e’tiborga molik yangilik shundan iboratki, bu yilgi yoz mavsumi davomida respublikamiz hududlarida 15 ta intellektual rivojlantirish, 14 tadan harbiy sport va o‘lkashunoslik, yana shuncha texnik hamda badiiy ijodkorlik, 7 ta ijtimoiy moslashuv oromgohlari tashkil etiladi. Shuningdek, o‘smir yoshdagi bolalarni qamrab olish maqsadida mehnat va dam olish oromgohlari soni 129 taga yetkaziladi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi mutasaddilari, hududiy muvofiqlashtiruvchi guruhlar raislari, mahalliy hokimliklar, tegishli vazirliklar, idora va boshqarma mas’ullari, statsionar turdagi oromgohlar boshliqlari hamda ularda faoliyat yurituvchi xodimlar ishtirok etgan ana shunday seminarlarning biri Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlik” oromgohida bo‘lib o‘tdi. 

Unda bolalarning yozgi dam olish mavsumi davomida barcha turdagi oromgohlar faoliyatini tashkil etish, bolalarning sifatli, mazmunli dam olishlarini ta’minlash yo‘nalishidagi ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, oromgohlarda bolalarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish bilan birga, ularning sanitariya-gigiyena talablariga mosligini nazorat qilish, jamoat tartibini saqlash hamda xavfsizlik masalalariga urg‘u berildi. 

Bu yilgi mavsumda Toshkent viloyatidagi 19 ta statsionar oromgohida 15 ming 14 nafar, maktablar qoshidagi 160 ta kunduzgi oromgohda 17 ming 770 nafar o‘g‘il-qizni sog‘lomlashtirish mo‘ljallanayotgani aytib o‘tildi. 

— Hududiy seminar doirasida uyushtirilgan ko‘rgazmalarda Bolalarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha respublika muvofiqlashtiruvchi guruhi tomonidan ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanmalar, tarqatma materiallar, plakatlar, oromgohlarda faoliyat yuritishi rejalashtirilgan to‘garak va kutubxona, shuningdek, o‘tgan yilgi sog‘lomlashtirish mavsumi yakunlariga ko‘ra, eng namunali, deb topilgan oromgohlar faoliyatiga oid stendlarni ham namoyish etdik, — deydi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi mas’ul xodimi Muhabbat O‘rmonbekova. — Tadbir ishtirokchilari bu yerdan kerakli bilim va ko‘nikmalar bilan qaytdilar.

Ana shunday seminarlar Toshkent shahrida, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida ham o‘tkazildi.

Rahmatilla SHЕRALIYEV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?