Bola huquqlariga doir masalalarni hal qilishda uning fikrlari inobatga olinadi

11:59 27 Fevral 2020 Siyosat
147 0

2020-yil 27-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Qoʻmita aʼzolari, vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Majlisda Senatning ikkinchi yalpi majlisi doirasida koʻrib chiqish nazarda tutilgan masalalar muhokama etildi. Xususan, Qoʻmita aʼzolari “Bola huquqlarining qoʻshimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini dastlabki tarzda muhokama qildi.

Taʼkidlanganidek, Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya talablarini har tomonlama hayotga tatbiq etish, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan bolalarning huquqlarini amalda kafolatlash, ularning jismoniy, intellektual, ruhiy va maʼnaviy yetuk avlod boʻlib yetishishini taʼminlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan.

Mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga, Fuqarolik protsessual kodeksiga, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Qonun bilan koʻplab muammolarga sabab boʻlayotgan aliment undirish masalasida ham yangi normalar belgilanyapti. Yaʼni oʻn toʻrt yoshga toʻlgan bola ota-onasi bilan birga yashamayotgan boʻlsa, oʻzining taʼminoti uchun ota yoki onadan, yoki bir vaqtning oʻzida ota-onaning har ikkalasidan aliment undirish toʻgʻrisida daʼvo qoʻzgʻatishga haqli boʻladi. Bu norma ota va onaning birgalikdagi masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi. Oilalardagi ajrimlarni kamaytirishga hissa qoʻshadi.

Yangi Qonunga muvofiq qaror qabul qilishga vakolatli organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qatʼiy nazar, koʻrib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilayotgan oʻzgarishga koʻra voyaga yetmagan shaxslar oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi boʻyicha davlat organlariga, tashkilotlarga yoki ularning mansabdor shaxslariga mustaqil ravishda murojaat berishga haqli.

Davlat organlari, tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan voyaga yetmagan shaxsning murojaatlarini koʻrib chiqish uning qonuniy vakillari, shuningdek vasiylik va homiylik organlari ishtirokida amalga oshirilishi mumkin. Voyaga yetmagan shaxslar toʻliq muomala layoqatiga ega boʻlmaganligi sababli ularning murojaatlarini koʻrib chiqmasdan qoldirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Shuningdek, majlisda ota-onalar qarovisiz qolgan, “Mehribonlik” uylarida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari ham dastlabki tarzda muhokama etildi.

Majlisda koʻrib chiqilgan barcha masalalar boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

OʻzbekistonRespublikasi

Oliy Majlisi Senati

Axborot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?