Bola huquqlari boʻyicha Vakilga qanday huquqlar berilmoqda?

18:44 29 May 2020 Siyosat
287 0

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Unga koʻra, Bola huquqlari boʻyicha Vakilning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari belgilandi.

Xususan, Vakilga oʻziga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlar berilmoqda:

— Bola huquqlari, erkinliklari va manfaatlari buzilgan holatlar haqidagi xabarlarni vakolatli davlat organlari, mansabdor shaxslar va nodavlat tashkilotlar vakillari bilan birgalikda tekshirish;

— Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi koʻrib chiqishi uchun qonunga muvofiq masalalar kiritish;

— Davlat organlari va tashkilotlar rahbarlariga bola huquqlari sohasidagi qonun hujjatlari buzilishi, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;

— Harakatlarida bola huquqlari va erkinliklari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida tegishli organlarga iltimosnoma bilan kirish;

— Bolalar haqida gʻamxoʻrlik qilish va ularni himoya qilish uchun masʼul boʻlgan muassasalar, xizmatlar, organlarga, shu jumladan taʼlim, tibbiyot muassasalari, qamoqda saqlash joylari va jazoni ijro etish muassasalariga muntazam ravishda va moneliksiz kirish.

Vakil oʻz vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga tobe boʻlmagan tarzda bajaradi.

Vakil daxlsizlik huquqidan foydalanadi va u Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoga tortilishi mumkin emas.

Vakilga nisbatan jinoyat ishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.

Vakilni majburiy keltirishga, ushlab turishga, shuningdek, uning shaxsiy buyumlari, yuki, transporti, turar joyi va xizmat xonasini koʻzdan kechirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Farmon bilan, shuningdek, Vakil huzurida Bola huquqlarini himoya qilish boʻyicha jamoatchilik kengashi tashkil etilmoqda.

Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari – Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimi joriy etilgan edi.
Akmal BURXONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?