“Boku sammiti Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirdi”

16:49 17 Oktyabr 2019 Jamiyat
141 0

Oʻzbekiston Respublikasining Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga aʼzo boʻlish haqidagi tarixiy hujjati hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 15-oktyabr kuni Bokuda boʻlib oʻtgan ushbu tuzilma sammitidagi ishtiroki xorij jamoatchiligi, ommaviy axborot vositalarida alohida eʼtirof etilmoqda.

“Trend” axborot agentligi (Ozarbayjon) sharhlovchilarining fikricha, Boku sammitining asosiy maqsadi va “tayanch nuqtasi” Oʻzbekiston Respublikasining Turkiy kengashga toʻla huquqli aʼzo sifatida qoʻshilishi toʻgʻrisida qoʻshma bayonot qabul qilinishi boʻldi. Taʼkidlanishicha, rasmiy Boku Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga qoʻshilganini olqishlaydi hamda bu ikki tomonlama munosabatlarni, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga yangi surʼat bagʻishlashiga komil ishonch bildirayotir.

“Report.az” yangiliklar portalida yozishlaricha, Oʻzbekistonning tuzilmaga aʼzo boʻlishi nafaqat Ozarbayjon, balki barcha aʼzo davlatlar tomonidan iliq va mamnuniyat bilan qabul qilindi. “Zero, bu uzoq kutilgan tarixiy voqeadir” deyiladi xabarda.

Xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi (Boku shahri) raisi Farid Shafiyev “1news.az” elektron nashrida eʼlon qilgan maxsus maqolasida qayd etganidek, Oʻzbekistonning Kengashga aʼzo boʻlishi haqidagi yangilik tashkilotning oʻn yillik yubileyi sanasiga katta sovgʻa boʻldi. “Iqtisodiy salohiyati, jumladan, yalpi ichki mahsulot va tashqi savdo hajmi, aholisi soni va uning intellektual salohiyati boʻyicha respublika mintaqada yetakchi oʻrinni egallaydi. Oʻzbekistonning mavjud imkoniyatlari va salohiyati Kengash faoliyatining koʻplab sohalarida faol ishtirok etishiga xizmat qiladi. Natijada Kengash faoliyatining samaradorligi yuksalib, unga boʻlgan qiziqish ortadi hamda turli qoʻshma loyihalar miqdori koʻpayadi”, deb yozadi tahlilchi.

“Oʻzbekistonning tashkilotga jalb etilishi bilan Kaspiy mintaqasi va Markaziy Osiyoda yanada faol hamkorlik va yanada yaqinroq ishonch haqida gapirish mumkin”. “Kazinform” axborot agentligi (Qozogʻiston) tarqatgan xabarda shunday deyiladi: Prezident Shavkat Mirziyoyevning Boku sammitidagi ishtiroki Oʻzbekiston yuritayotgan yangi, ochiq va konstruktiv tashqi siyosatning yana bir namunasi boʻldi.

“24.kz” yangiliklar portalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻiston Respublikasi Birinchi Prezidenti — Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuvi haqidagi reportaj tarqatildi. Boʻlib oʻtgan muloqot chogʻida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi. “Nursulton Nazarboyev Oʻzbekistonning Turkiy kengashga qoʻshilishi ushbu tuzilmaning xalqaro nufuzini va hamkorlik samaradorligini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi”, deyiladi “24.kz”da.

“Anadolu” axborot agentligi (Turkiya) axborot berishicha, Boku sammiti doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻon Oʻzbekiston rahbarini mamlakatimizning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga qoʻshilgani bilan samimiy tabriklab, bu qaror ikki tomonlama va koʻp tomonlama aloqalar hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Oliy darajadagi muzokaralarda konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish, iqtisodiyot, savdo, investitsiyalar, energetika, turizm va boshqa yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinib, ikki davlat kompaniyalari ishtirokidagi qoʻshma investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga kelishib olindi.

“TRT” telekanali sharhlovchisining komil ishonch bildirishicha, Oʻzbekiston tashkilotning toʻlaqonli aʼzosiga aylanishi Kengash faoliyatiga turtki beradigan, turkiy tilli davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlaydigan muhim voqeadir. “Oʻzbekiston har doim turkiy dunyoning markazlaridan biri hisoblangan. Oʻzbekistonning Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan Samarqand, Buxoro va Xiva kabi muhtasham shaharlari Sharq sivilizatsiyasining iqtisodiy va madaniy rivojlanishi beshigi boʻlib kelgan”.

“Aziya Plyus” axborot agentligida (Tojikiston) tarqatilgan maqolada soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Turkiy kengash bilan aloqa oʻrnatib, oʻzaro hamkorlikni mustahkamlab borayotgani eʼtirof etiladi. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yil sentyabr oyida Qirgʻizistonning Choʻlponota shahrida boʻlib oʻtgan sammitda faxriy mehmon sifatida ishtirok etib, qadim Xiva shahrini tashkilot poytaxti sifatida eʼlon qilish taklifini bildirgan edi. Shu bilan birga, oʻzbek yetakchisi Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yigʻilishini hamda uning doirasida Toshkentda biznes forumi oʻtkazishni taklif qildi.

“Kabar” axborot agentligi (Qirgʻiziston) maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston Prezidenti Boku sammitidagi nutqida mintaqada yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishga eʼtibor qaratdi. Jumladan, Markaziy Osiyo — Turkiya transport yoʻlagi orqali Yevropa, Xitoy va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyati mavjudligi eʼtirof etildi. Shavkat Mirziyoyev transport va logistika markazlarini barpo qilishda aʼzo mamlakatlar hududidagi dengiz portlarining zamonaviy infratuzilmasini ishga solish zarurligini koʻrsatib oʻtdi. Shu maʼnoda, tashqi savdo yuklarini tashishda Turkiy kengashga aʼzo mamlakatlar uchun oʻzaro kelishilgan chegirma va imtiyozlarni qoʻllash masalasini koʻrib chiqish taklifi bildirildi.

“CA-News.org” portalida esa davlatimiz rahbarining sayyohlik sohasida bildirgan fikrlari yuqori baholandi. Oʻzbekistonning Tashkilot doirasida 2018-yili ishlab chiqilgan “Zamonaviy Ipak yoʻli” sayyohlik dasturida faol ishtirok etishga tayyorligi haqidagi Shavkat Mirziyoyevning bayonoti tadbirning muhim yangiliklaridan biri sifatida qayd etiladi. Shu bilan birga, Yosh tadbirkorlar forumini taʼsis qilish va uning birinchi yigʻilishini kelasi yilda Oʻzbekistonda oʻtkazish taklifi, agentlik muxbirining yozishicha, siyosiy va ekspert-tahlil doiralarida keng muhokamaga sabab boʻldi.

Oʻz navbatida, rossiyalik tahlilchi, Gumilyov markazi eksperti Aleksandr Razuvayev Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi faoliyatida ishtirok etish haqidagi qarorini soʻnggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar nuqtayi nazaridan baholash zarurligini taʼkidlaydi. Mutaxassisning fikricha, 2016 — 2019-yillar mobaynida Oʻzbekiston bozor islohotlarini faol amalga oshira boshladi, tashqi dunyoga ochildi, shu sababli rasmiy Toshkent endilikda koʻp tomonlama institutlar faoliyatida ham faol qatnasha boshladi.

Anvar MIRZAYEV
(“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?