Bokschi Bahodir Jalolovga yangi uy kaliti topshirildi

12:08 24 May 2019 Sport
537 0

Surxondaryo viloyati hokimligi binosida boks boʻyicha mamlakatimiz terma jamoasi aʼzosi, xalqaro toifadagi sport ustasi, Jahon kubogi sohibi, jahon hamda Osiyo chempionatlari sovrindori, koʻplab xalqaro musobaqalar gʻolibi Bahodir Jalolovga Termiz shahridan barcha sharoitlarga ega 2 xonali uyning kaliti tantanali tarzda topshirildi.

Shu munosabat bilan uyushtirilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sport federatsiyalari mutasaddilari, murabbiylar hamda sportchi yoshlar ishtirok etishdi.

Maʼlumot uchun, Bahodir Jalolov 1994-yilning 8-iyulida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tugʻilgan.

B. Jalolov 2015-yilda Rossiyada oʻtkazilgan boks boʻyicha Jahon kubogida xalqaro miqyosdagi ilk zafarli jangini oʻtkazib, oltin medal sohibiga aylangan. U koʻplab xalqaro musobaqalar qatori 2016-yilda Braziliyaning Rio de Janeyro shahrida oʻtkazilgan Yozgi Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi hamdir.

Iqtidorli bokschi 2019-yilning aprel oyida AQSHning Nyu-York shtatida oʻtkazilgan bahslarda “NABF Junior” titul kamarini, Tailandda boʻlib oʻtgan Osiyo chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritgan. U hozirda 2020-yilda Yaponiyaning Tokio shahrida oʻtkaziladigan yozgi Olimpiya oʻyinlariga puxta hozirlik koʻrmoqda.

- Bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik menga nufuzli xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sport sharafini munosib himoya qilishda zimmamda yanada katta masʼuliyat yuklaydi, -deydi mahoratli bokschi Bahodir Jalolov.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?