Boks yulduzlari muhim oʻyin oldidan futbolchilarimiz bilan uchrashdi

11:01 25 Avgust 2018 Sport
203 0

Xabaringiz bor, 27 avgust kuni futbolchilarimiz Osiyo oʻyinlarining chorak finali doirasida Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi maydonga tushishadi. Ushbu oʻyinning ahamiyati nihoyatda yuqori. Mazkur uchrashuvni finalga qiyoslasak ham mubolagʻa boʻlmaydi. Mutaxassislarning taxminicha, ushbu juftlik gʻolibi yakunda Osiyo oʻyinlari chempionligini qoʻlga kiritishi ehtimoli juda yuqori boʻladi.

MOQ matbuot xizmatidan maʻlum qilinishicha, kecha muhim bahs oldidan Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Prezidenti, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning topshirigʻiga binoan, boksimizning bugungi kundagi yorqin yulduzlari, Olimpiya oʻyinlari chempionlari, nufuzli xalqaro turnirlar gʻoliblari futbolchilarimiz istiqomat qilayotgan mehmonxonaga tashrif buyurishdi va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashlarini maʻlum qilishdi. Gʻoliblik ruhi bilan boʻlishishdi, futbolchilarimizga omad tilashdi.

Indoneziyadagi Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegatsiyasi bayroqdori Isroil Madrimov, Olimpiya oʻyinlari chempioni Hasanboy Doʻsmatov va yana bir qator bokschilarimiz soʻzga chiqar ekanlar, futbolchilarimizga omad tilashdi, ruhiy tomonlama qoʻllab-quvvatlashlarini taʻkidlashdi. Muxlislar qatorida bokschilarimiz ham futbolchilarga har tomonlama dalda boʻlishlarini alohida qayd etib oʻtishdi. Oʻz navbatida, Ravshan Haydarov shogirdlari ushbu eʻtibordan juda xursand boʻlishdi. Janubiy Koreyaga qarshi oʻyinda bor kuch-gʻayratlarini ishga solib, albatta gʻalaba qozonishlarini va vaʻda qilingan chempionlikni Oʻzbekistonga taqdim etishlarini taʻkidlab oʻtishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?