Boks boʻyicha jahon chempioni - Sharqiy harbiy okrug harbiy xizmatchisi

16:32 04 Oktyabr 2019 Sport
127 0

Sport – sogʻlom turmush kafolati. Shu bilan birga u insonni elga tanitadi. Mamlakatimiz sportchilarini dunyo arenalarida yuqori natijalarni qoʻlga kiritayotganliklari esa barchamizni faxrlantiradi.

Miraziz Mirzaxalilov - harbiy xizmatchi. Ayni paytda u jahon chempioni degan nomga ham ega boʻldi. Bu esa nafaqat Miraziz va uning yaqinlari, balki butun xalqimiz gʻururlansa arzigulik jihat. Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro boks musobaqasi uni yangitdan kashf etdi.

Bokschimiz oʻz noyob qobiliyati bilan Amir Temur, Bobur Mirzo singari ajdodlariga munosib avlod boʻlib kamolga yetayotganligini namoyon qildi. Oʻz raqiblarini munosib tarzda magʻlubiyatga uchratdi. Boks boʻyicha jahon chempionatida oʻzbekistonliklar gʻalabasini taʼminlashga oʻz hissasini qoʻshdi.

Shu maʼnoda Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligining Fargʻona garnizonida joylashgan harbiy qismda tashkil etilgan chempion bilan uchrashuv ham qiziqarli oʻtdi. Unda faxriylar, harbiy xizmatchilar va yosh sportchilar qatnashdilar. Soʻz olganlar Miraziz Mirzaxalilovni ulkan natijalar bilan tabriklab, uning kelgusi faoliyati uchun ham zarur maslahatlarni berdilar, deb yozadi Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati .

Albatta, bugun yoshlarni sport turlariga jalb etishga, ularni yaqindan qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanyapti. Yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar oʻz mevasini ham bermoqda. Buni viloyatimizning Quva tumanida tugʻilib oʻsgan Miraziz Mirzaxalilov yutuqlari misolida ham koʻrish mumkin. Tadbir davomida u murabbiyi ishtirokida koʻrgazmali chiqishlarni amalga oshirdi. Shuningdek, ularga esdalik sovgʻalari hamda tashakkurnomalar topshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?