Boks boʻyicha kelasi yil jahon chempionati qayerda oʻtkazilishi maʼlum qilindi

13:29 06 Dekabr 2018 Sport
178 0

Arxiv foto

Boks boʻyicha erkaklar oʻrtasidagi 2019 yilgi jahon chempionati sentyabr oyida oʻtkaziladi. Bu galgi jahon chempionatiga Rossiyaning Yekaterinburg shahri mezbonlik qiladi. Bu haqdagi qarorga Sverdlovsk viloyati taklifi boʻyicha Rossiya boks federatsiyasi kelgan.

Aslida jahon chempionati oʻtgan yilning iyul oyida tasdiqlanganidek Rossiyaning boshqa bir shahri - Sochida oʻtkazilishi kerak edi. Lekin biroz kutilmaganda qaror oʻzgardi. Ammo mezbon davlat oʻz kuchida qoldi.

“Bizda katta musobaqalarni oʻtkazish boʻyicha boy tajriba bor. Boks boʻyicha jahon chempionatini ham yuqori saviyada tashkil eta olamiz. Buning uchun barcha sharoitlar bor”, - dedi Sverdlovsk viloyati gubernatori Yevgeniy Kuyvashev.

Tez orada Xalqaro havaskorlar boks assotsiatsiyasi (AIBA) jahon chempionatining aniq sanasini eʼlon qiladi. Musobaqaning oʻzi “Yekaterinburg-EKSPO” xalqaro koʻrgazmalar zalida oʻtkaziladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?