Jismoniy shaxslar tomonidan ayrim tovarlarni bojxonadan olib o‘tish normalari tasdiqlandi

10:39 24 Iyun 2018 Jamiyat
1046 0

2018 yilning 22 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga tovarlarni olib o‘tish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyo‘l (yo‘lovchi), temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona to‘lovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib o‘tishning miqdoriy normalari tasdiqlandi.

Ro‘yxatdan asosan 20 turdagi maishiy texnika buyumlari va ofis texnikalari joy olgan bo‘lib, endilikda ularni 1 kalendar oyida chegarani birinchi marotaba kesib o‘tayotganda faqat 1 donadan olib o‘tilishi mumkin.

Shuningdek, ro‘yxatda boshqa turdagi tovarlar uchun ham normalar belgilandi. Ya’ni, endilikda har kuni olib o‘tilayotgan har bir nomdagi tovardan 2 kilogrammgacha olib o‘tishga ruxsat beriladi. Ammo, mazkur tovarlarning umumiy og‘irligi 10 kilogrammdan oshmasligi kerak.

Ushbu tovarlar sirasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 6 fevraldagi qarori 1-ilovasida keltirilgan tovarlar kirmaydi.

Ushbu ilovada alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo – 2 litrgacha, barcha turdagi tamaki mahsulotlari – 10 qutigacha, atir va atirsimon suyuqliklar – 3 donagacha, qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari – 65 grammgacha bojxona to‘lovlarisiz olib kirishga ruxsat etilgan.

Olib o‘tilayotgan tovarlar qiymati respublikaga jismoniy shaxslar tomonidan piyoda, avtomobilda, temir yo‘l yoki daryo o‘tkazish punktlari orqali tovarlarni bojxona to‘lovlari undirmasdan olib o‘tishning cheklagan me’yorlaridan oshmasligi kerak.

Mazkur me’yorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidagi temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda – 1000 AQSH dollari miqdorida hamda avtomobil yo‘li (piyodalar yo‘li) o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda – 300 AQSH dollari miqdoridagi tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirishga ruxsat etilgan.

Tovarlarni bojxona to‘lovlari orqali to‘lamasdan olib o‘tishning miqdoriy normalari jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasini chegara o‘tkazish punktidan belgilangan davrda birinchi marta o‘tishida qo‘llaniladi. Bunda bojxonachilar chegara xizmatlari organlari tomonidan jismoniy shaxsning pasportiga qo‘yiladigan belgidagi sanaga asoslanishadi.

Misol uchun, jismoniy shaxs iyun oyi davomida chegarani piyoda ravishda birinchi marta 5 iyun sanasida kesib o‘tsa, demak ayni shu o‘tishida unga nisbatan ro‘yxatdagi 1-20 qatorlarda ko‘rsatilgan tovarlarni bojxona to‘lovlari to‘lamasdan olib o‘tishning miqdoriy normalari qo‘llaniladi. Ya’ni, mana shu birinchi o‘tishda 300 AQSH dollarigacha bo‘lgan qiymatdagi tovarlarni bojsiz olib kirishi mumkin. Jismoniy shaxsning iyun oyi davomida chegarani keyingi kesib o‘tgan holatlarida ushbu normalar tatbiq etilmaydi. Shuningdek, jismoniy shaxs 1 kalendar oy davomida 300 AQSH dollaridagi me'yordan bo‘lib-bo‘lib foydalana olmaydi. Shuning bilan u bu imkoniyatdan keyingi kalendar oyida foydalana oladi.

Ro‘yxatda qayd etilgan har qanday tovar belgilangan norma va davriylikdan ortiq olib o‘tilganda o‘rnatilgan tartibda bojxona to‘lovlari undiriladi.

Mazkur normalar 2018 yilning 1 iyulidan boshlab, kuchga kiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?