Boysun tumanidagi 2-umumiy oʻrta taʼlim maktabi binosiga boshqa tashkilotlar noqonuniy joylashtirilganmi? XTV ushbu holatni oʻrganib chiqadi

13:29 16 Avgust 2019 Jamiyat
73 0

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Surxondaryo viloyati, Boysun tumanidagi “Tuzbozor” mahallasida yashovchi nafaqadagi oʻqituvchi Hakim Poʻlatov murojaatnomasini oʻz vakolati doirasida oʻrganib chiqadi va tegishli davlat organlariga masalani hal etish uchun yuboradi. Bu haqda XTV matbuot xizmati xabar berdi.

Hakim Poʻlatov Facebook ijtimoiy tarmogʻida mustaqillik yillari davomida Boysun tumanidagi 2-umumiy oʻrta taʼlim maktabi binosida boshqa tashkilotlar noqonuniy joylashtirilganligini maʼlum qilib, amaliy yordam berilishini soʻragan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-fevraldagi 122-sonli farmoyishining 1-bandida Respublikada faoliyat koʻrsatayotgan davlat taʼlim muassasalarining, xususan, maktabgacha taʼlim, oʻrta-taʼlim, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining mol-mulki, bino va inshootlari hamda yer maydonlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorisiz tashkilotlarga berish yoki taʼlim jarayoniga tegishli boʻlmagan maqsadlarda foydalanish qatʼiyan man qilingan.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentyabrdagi “Xalq taʼlimi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 10-bandiga koʻra umumtaʼlim va maktabdan tashqari muassasalarning yer uchastkalari va koʻchmas mulkini Xalq taʼlimi vaziri bilan kelishmasdan begonalashtirish taqiqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentyabrdagi “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonning 3-bandiga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari xalq taʼlimi muassasalari hududining va koʻchmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda taʼminlashlari lozim.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi mahalliy hokimiyatlardan qonunchilik normalarini qatʼiy taminlashlarini talab qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?