“Boysun bahori” — milliy an’ana va qadriyatlar tarannumi

16:06 30 Aprel 2018 Madaniyat
627 0

Boysun tumanida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida “Boysun bahori” ochiq folklor festivali o‘tkazildi.

Tamaddun beshigi, tilsimotlar maskani Boysun 2001 yilda YuNESKO tomonidan “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy merosi durdonasi” sifatida e’tirof etilib, 2008 yilda Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.

Ta’kidlash joizki, bu yilgi festivalga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishga doir ishlar har qachongidan yuqori saviyada amalga oshirildi. Xususan, tumandagi Padang qishlog‘i kengliklariga 200 ga yaqin o‘tov tikildi. Mahalliy aholi va xorijiy sayyohlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashuvchi bir-biridan qiziqarli tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Har bir hududga xos qadriyat, urf-odat va an’analarni keng namoyish etish maqsadida xalq amaliy san’ati va hunarmandchiligi, milliy taomlar, liboslar ko‘rgazmalari tashkil etilib, xalq ansabllari va badiiy jamoallari, baxshi-oqinlar chiqishlari hamda an’anaviy maydon tomoshalariga keng o‘rin berildi.

— Festival uchun hozirlangan maydon go‘yo ertaklar olamini yodga soladi, — deydi chexiyalik arxeolog Ladislav Stanko. — Bunday tadbirlar o‘tmish va bugun o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘taydi. Yurtingizning boy moddiy va nomoddiy merosiga bo‘lgan katta qiziqishim meni festival tadbirlariga boshlab keldi. Vatanimga qaytgach, bu yerda ko‘rganlarim haqida yaqinlarim, shuningdek, o‘zim faoliyat olib borayotgan Karlova universiteti o‘qituvchi va talabalariga mamnuniyat bilan so‘zlab beraman.

Festivalda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda poytaxtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan “Bes perde”, “Zilol”, “Vardonze navolari”, “Bog‘don gullari”, “Vang‘ozi”, “Yor-yor” singari eng namunali folklor jamoalarining 250 nafardan ortiq qatnashchilari o‘zlarining rang-barang repertuarlarini namoyish etishdi. Bundan tashqari, festival doirasi xalqimiz suygan san’atkorlar hamda Tojikiston Respublikasining “Padida” teatr jamoasi va mashhur xonanda Shabnam Surayyo, afg‘onistonlik hofiz-xonandalar Abdumajid, Abdurauf Adlxuiy ishtirokidagi gala konsert san’at ixlosmandlarini xushnud etdi. Qolaversa, yurtimizning turli hududlaridan kelgan baxshilar terma, dostonlar kuylab, bayram tadbiriga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. 

Xalqaro aeronavtika assotsiatsiyasi delegatsiyasi tomonidan tantanalar bo‘lib o‘tgan maydon uzra 6 ta havo sharining osmonga ko‘tarilishi, Boysun osmonini bezagan rango-rang mushaklar yog‘dusi dillarga ajib ko‘tarinkilik, jo‘shqinlik baxsh etdi.

Bundan tashqari festival kunlari kurash, tosh ko‘tarish, arqon tortish, xo‘roz urishtirish, varrak sayli kabi turli xalq o‘yinlari ham tashkil etildi. Kurash musobaqasida esa termizlik Samijon polvon Ubaydullayevga bas keladigani topilmadi va u g‘olib sifatida “Neksiya-Ravon” avtomashinasi sohibiga aylandi. 

Festival doirasida Termiz davlat universitetida “Boysun — moddiy va nomoddiy madaniyat beshigi” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya ham bo‘lib o‘tdi.

“Boysun bahori” ochiq folklor festivali yakunida eng yaxshi folklor-etnografik jamoalar va baxshi-oqinlar aniqlanib, ular maxsus diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.

Ilhom RAHMATOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?